O‘zbekiston “Eco Expo Central Asia 2025” ko‘rgazmasida kelajak ekoturizmini taqdim etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi 19-21 iyun kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan "Eco Expo Central Asia 2025" xalqaro ko‘rgazmasida ekoturizmga bag‘ishlangan stendni namoyish etmoqda.
187 kvadrat metr maydonni egallagan ekspozitsiya O‘zbekiston turizm strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib borayotgan ekologik turizm sohasida mamlakatimiz erishgan yutuqlarga bag‘ishlangan. Stend barqaror yondashuv va tabiatga hurmatni sayyohlik jozibadorligi hamda texnologik taraqqiyot bilan qanday uyg‘unlashtirish mumkinligini ko‘rsatib bermoqda.
Ekspozitsiyaning markaziy qismi O‘zbekiston me’morchiligidan ilhom olingan gumbazsimon vertikal bog‘ tarzida bezatilgan. Tashrif buyuruvchilar Chorvoqdan Nurota va Ugom-Chotqolgacha bo‘lgan mashhur ekologik yo‘nalishlar bo‘ylab virtual sayohat qilish imkoniyatiga ega. Interaktiv panellar yashil innovatsiyalar bilan tanishtirsa, o‘tov uslubida bezatilgan maydon zamonaviy ekologik turizmning asosi bo‘lgan an’anaviy barqaror turmush tarzini aks ettiradi. Yil davomida faoliyat ko‘rsatadigan "Parkent" dam olish maskanining maketi turizm infratuzilmasini tabiat bilan uyg‘unlikda rivojlantirish istiqbollarini ko‘rsatib beradi.
Ko‘rgazmaning barcha kunlari davomida stendda ekoturizm sohasidagi mutaxassislar ishtirokida ma’ruzalar, taqdimotlar va muhokamalar o‘tkaziladi. Barqaror turizmning eng yaxshi amaliyotlari, yashil sarmoyalarning sayyohlik tarmog‘iga ta’siri, shuningdek, yangi yo‘nalishlarni shakllantirishda tabiiy va madaniy merosning o‘rni muhokama qilinadi. Bundan tashqari, mehmonxonalar, dam olish maskanlari va sayyohlik obyektlari uchun startaplar hamda energiya tejamkor yechimlar namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar nafaqat zamonaviy tendensiyalar haqida ma’lumot olishlari, balki soha mutaxassislaridan amaliy maslahatlar ham olishlari mumkin.
Ko‘rgazma O‘zbekistonda Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili deb e’lon qilingan paytda o‘tkazilmoqda. Bu esa ekologik o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida turizmni rivojlantirishning naqadar muhimligini ko‘rsatib turibdi. Turizm qo‘mitasining stendi oddiy ko‘rgazma emas, balki tajriba almashish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va turizmning kelajagini - ochiq, ongli va barqaror turizmni shakllantirish uchun jonli maydon vazifasini o‘tamoqda.