O‘zbekiston dunyoda yashil vodorod ishlab chiqaradigan oltinchi davlat bo‘lishga tayyorlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston joriy yil iyun oyida yashil vodorod ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Bu haqda Energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov UEW-2025 Xalqaro energetika haftaligi doirasida maʼlum qildi.
«Umid qilamizki, iyun oyi boshlarida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida birinchi natijalarni namoyish etib, **rasman ishga tushirishni eʼlon qilamiz», — dedi vazir.
Energetika vaziri taʼkidlashicha, hozirgi kunda dunyoda faqatgina beshta davlat yashil vodorod ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston bu bozorga chiqishi orqali yashil yoqilg‘i turini o‘zlashtirgan oltinchi mamlakatga aylanadi va jahon energetika hamjamiyatidagi mavqeini yana-da mustahkamlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida saudiyalik ACWA Power kompaniyasi ishtirokidagi yashil vodorod ishlab chiqarishga mo‘ljallangan pilot loyiha qurilishiga start bergan edi.
88 million dollarlik loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda, 2025 yilda, yiliga 3000 tonna yashil vodorod ishlab chiqarishni boshlash mo‘ljallangan.
“O‘zkimyosanoat” AJ maʼlumotiga ko‘ra, ikkinchi bosqichda Chirchiq shahrida yashil vodorod asosida yiliga 500 ming tonna ammiak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, umumiy o‘rnatilgan quvvati 2,4 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi ham rejalashtirilgan.