O‘zbekiston delegatsiyasining Latviya va Litvaga tashrifi Rigadagi ishchi uchrashuvlar bilan boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov rahbarligidagi delegatsiya Latviya va Litvaga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida o‘z tashrifini Riga shahrida boshladi.
Tashrifning dastlabki qismida delegatsiya Yevropadagi eng yirik savdo infratuzilma obyektlaridan biri hisoblangan Riga markaziy bozori faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur bozor zamonaviy logistika, yuqori samarador saqlash tizimlari va mahsulotlarni qayta ishlash infratuzilmasi bilan ajralib turadi.
Uchrashuvda bozorning umumiy savdo salohiyati va boshqaruv tizimi, meva-sabzavot mahsulotlari uchun zamonaviy omborxonalar infratuzilmasi, dukkakli mahsulotlarni saqlashga ixtisoslashtirilgan maydonlar, shuningdek, mahsulotlarni saralash, qadoqlash va taʼminot zanjiridagi jarayonlar bo‘yicha amaliy tajriba o‘rganildi.
Shuningdek, Riga shahrida ikki davlat tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, hamkorlik imkoniyatlari va investitsiya loyihalari yuzasidan muzokaralar o‘tkaziladi.
Tashrifning ikkinchi qismi Litvada davom etadi. Vilnyus shahrida O‘zbekiston-Litva ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.