O‘zbekiston delegatsiyasi Hong Kong International Jewellery Show 2025 ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 4 mart kuni Gong Kongda o‘z faoliyatini boshlagan Hong Kong International Jewellery Show xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Delegatsiya tarkibida "NUR STAR JEWELRY", "ORIENT JEWELRY", "GOLD AFSONA", "ST TILLO KORI", "ONESTO HIGH JEWELRY" va boshqa mahalliy zargarlik korxonalari mavjud.
Ushbu nufuzli tadbir zargarlik sanoatining yetakchi vakillarini, ishlab chiqaruvchilar, investorlar va ekspertlarni bir joyga jamlaydigan eng yirik global platformalardan biri hisoblanadi.
Mazkur ko‘rgazmada “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisi Shoxrux Tuychibayev xalqaro tajribani o‘rganish, global tendensiyalarni tahlil qilish va zargarlik sanoati uchun yangi hamkorlik yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, tadbir davomida O‘zbekistonning zargarlik sanoati, uning investitsion salohiyati va rivojlanish istiqbollari haqida xorijlik ishlab chiqaruvchilarga maʼlumot berish ham asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, 23-25 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "UZBEK JEWELLERY FAIR" xalqaro ko‘rgazma-savadosiga
xorijiy kompaniyalarni jalb etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Bu tashrif doirasida potensial hamkorlar va investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekistonda zargarlik sanoatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil maʼlumot taqdim etilmoqda.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilar xorijiy korxonalar bilan muzokaralar olib borib, yangi bozorlarga kirish imkoniyatlarini o‘rganishmoqda. Xususan, "ONESTO HIGH JEWELRY" korxonasi bugun Italiyaning "FAOR SPA" kompaniyasi bilan o‘zaro B2B uchrashuvida ishtirok etib, hamkorlik shartlarini muhokama qildilar.