O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga elektroenergetika mahsulotlari eksportini kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 10–13-may kunlari davomida Afg‘onistonning Qobul va Mozori Sharif shaharlarida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston tadbirkorlarining tashrifi doirasida elektrotexnika sohasida ham qator muhim uchrashuv va tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
“Made in Uzbekistan” savdo uyi ochilishi doirasida O‘zbekiston elektrotexnika sanoati korxonalari o‘z mahsulotlari bilan faol ishtirok etmoqda. Mahalliy iste’molchilarga keng turdagi, sifatli va zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari taqdim etilmoqda.
Afg‘oniston bozorining ehtiyojlariga moslashtirilgan mahsulotlar savdo uyi rastalarida keng namoyish qilinmoqda.
Qobul shahrida O‘zbekiston mahsulotlari uchun tashkil etilgan Savdo uyi esa yurtimiz tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu yerda elektrotexnika sohasiga oid mahsulotlar doimiy asosda taqdim etilishi, mahalliy xaridorlar bilan bevosita savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mas'ullari ham elektrotexnika korxonalari vakillari bilan birgalikda Qobulda faol muzokaralar o‘tkazmoqda. Uchrashuvlar davomida Afg‘onistonlik hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo bitimlari bo‘yicha kelishuvlarga erishish, hamkorlikni mustahkamlash va uzoq muddatli loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinmoqda.
Tashrif doirasida Afg‘oniston bozorining chuqur tahlili, ehtiyojlar va talablar o‘rganilmoqda. Bu esa eksport hajmini oshirish, mahsulot assortimentini mahalliy sharoitga moslashtirish va ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash imkonini beradi.