"O‘zbekgidroenergo" AJ: Andijon viloyatidagi suv toshqini oqibatlari bartaraf etilmoqda, jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati Buvayda tumanidagi suv toshqinidan jabrlangan mahalla aholisiga tegishli kompensatsiya beriladi. Bu haqda "O‘zbekgidroenergo" AJ maʼlum qildi.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, Janubiy Farg‘ona kanalining “JFK-3” kichik GES qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi VM-800-sonli qarori asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha Rossiyaning “MPR” moliya instituti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan bo‘lib, qurilish ishlarini “pod klyuch” shartlari asosida Rossiyaning “Energosila” kompaniyasi amalga oshirmoqda.
GESning loyiha quvvati 6,9 megavattni, yiliga esa 33 million kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etadi. Loyiha doirasida vegetatsiya mavsumida suv tarqatishni tartibga solish maqsadida suvni ushlab turish inshooti qurilgan. Shu munosabat bilan asosiy suv oqimi vaqtinchalik ravishda aylanma kanal orqali yo‘naltirilgan.
Biroq amaliy sharoitda aylanma kanal bo‘ylab suv oqimi rejalashtirilgan 60 kubometr o‘rniga 70 kubometr/sekundgacha yetdi. Bu esa Janubiy Farg‘ona kanali o‘ng sohilining yemirilishiga sabab bo‘ldi.
Bayon qilinishicha, hozirgi vaqtda favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Talab etiladigan texnika va ishchi kuchlari jalb etilgan holda taʼmirlash va tiklash ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Kutilishicha, joriy yil 9 may soat 14:00 ga qadar kanal to‘liq tiklanadi va mevjud ekspluatatsiya rejimidan foydalanishga qaytiladi.
"O‘zbekgidroenergo" AJ ishontirishicha, suv toshqini oqibatida xonadon va hovli yerlariga zarar yetgan aholiga yetkazilgan zarar qoplab beriladi.
O‘zgidromet maʼlumotlariga ko‘ra, suv toshqini natijasida jami 560 ta xonadon zarar ko‘rgan.
FVV matbuot xizmati maʼlum qilishicha, Janubiy Farg‘ona kanalidagi mazkur hodisa oqibatida taxminan 100 ta xonadonga suv kirgan.
Shundan 30 ta uyning ichkarisiga suv kirgan, 70 ta holatda esa suv faqat hovli yerlariga yetib borgan.