O‘zbek milliy kiyimlari O‘monda namoyish etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25-28 fevral kunlari Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova boshchiligidagi O‘zbekiston tadbirkor ayollari delegatsiyasining O‘monga biznes missiyasi tashkil etildi.
Tashrif doirasida O‘mon Savdo-sanoat palatasi tomonidan kechki bazm tashkil etilib, unda ayol tadbirkorlarimiz tomonidan O‘zbekistonning taniqli dizaynerlari yaratgan milliy liboslar namoyish qilindi.
Jumladan, “ANOR” milliy liboslar brendi dizayneri Dilnoza Umirzoqova, shuningdek, Madina Kasimbayeva, Raʼno Xamrayeva, Noila Usmonova, Yulduz Muhitdinova, Hilola Sher liboslari mehmonlar eʼtiboriga havola qilindi.
Ushbu dizaynerlar tomonidan tikilgan milliy liboslarda ask ettirilgan O‘zbekistonning boy va xilma-xil madaniy merosi tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.
Shuningdek, mehmonlar uchun milliy musiqa ijro etildi va anʼanaviy “Kelin salom” marosimi namoyish qilindi.
Tadbir ishtirokchilari ushbu namoyish o‘zbek milliy liboslari va to‘qimachilik mahsulotlarini targ‘ib qilish hamda O‘zbekiston moda sanoatining rang-barangligini ko‘rsatishga xizmat qilganini alohida taʼkidladilar.