“Outsourcing Technology” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Uzbekistan Outsourcing Conference" doirasida “Outsourcing Technology Inc.” kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdilar.
“Outsourcing Technology Inc.” tomonidan uchrashuvda kompaniyaning Global Rekruting bo‘limi rahbari Yamaguchi Yuuma, Yechimlar konsalting bo‘limi rahbari Toshiyuki Chubu hamda Digital Knowledge kompaniyasi vakili Noguti Yasuyuki ishtirok etdilar.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tomonidan mamlakatning IT va muhandislik autsorsing sohalaridagi imkoniyatlari, IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilayotgan soliq va vizaviy imtiyozlar, kadrlar tayyorlash dasturlari, shuningdek Yaponiya kompaniyalari uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadlaridan biri sifatida O‘zbekistonning yangi IT va muhandislik autsorsing manzili sifatidagi salohiyatini taqdim etish, kadrlar salohiyati va xalqaro IT mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan, O‘zbekistondagi Yaponiya raqamli universiteti (Japan Digital University, JDU)ning ilk bitiruvchilari “Outsourcing Technology Inc.” kompaniyasiga ishga joylashgani alohida ta’kidlandi. Bu esa, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi inson kapitali rivoji va xalqaro hamkorlikda muhim qadam sifatida baholandi.
Kompaniya tomonidan xalqaro muhandislarni Yaponiya mehnat bozoriga moslashtirish uchun ta’lim dasturlariga investitsiyalar kiritilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida kompaniya “Global Business Services Forum” tadbiriga taklif etildi va IT Park bilan tadbir doirasida aniq loyihalarni muhokama qilish yuzasidan kelishuvga erishildi. Uchrashuv natijasida, “Outsourcing Technology Inc.” kompaniyasi O‘zbekistondagi imkoniyatlarga katta qiziqish bildirdi. Kompaniya vakillari yurtimizga tashrif buyurish va IT va muhandislik salohiyatini chuqurroq o‘rganish niyatida ekanliklarini ma’lum qildilar.
“Outsourcing Technology Inc.” — Yaponiyaning “OUTSOURCING Inc.” guruhiga kiruvchi asosiy kompaniyalardan biri bo‘lib, u 2004 yilda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi Tokioda joylashgan. Guruh tarkibida 20,000 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Asosiy yo‘nalishlari — muhandislik autsorsingi (mexanika, elektrotexnika, IT va dasturiy ta’minot), ilmiy tadqiqot xizmatlari, texnologiya va sanoat sohalari uchun kadrlar tayyorlash va joylashtirish xizmatlaridir. 2023 yildagi daromadi 938 million AQSH dollarini tashkil etgan.