Osiyoda MMA ning rivojlanishi Toshkentda muhokama qilindi
Osiyoda MMA ning rivojlanishi Toshkentda muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston aralash jang sanʼati assotsiatsiyasi prezidenti Aziz Toshpoʻlatov va Osiyo MMA assotsiatsiyasi prezidenti Gordon Tang oʻrtasida xalqaro sport tadbiri doirasida Toshkentda uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Gordon Tang MMA sport turi Oʻzbekistonda qisqa fursatda jadal rivojlanayotganini va oʻzbek sportchilari dunyo arenalarida oʻz oʻrnini egallayotganini alohida eʼtirof etdi.
U birgina misol tariqasida Toshkentda oʻtayotgan Osiyo chempionatining tashkiliy ishlari, sportchilar va mehmonlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida soʻz yuritar ekan Oʻzbekistonning yirik xalqaro turnirlarni oʻtkazishdagi tajribasi Osiyoda MMA sporti rivojiga katta hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda mahalliy hakamlar, murabbiylar va soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda qitʼa miqyosidagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini hamkorlikda tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Aziz Tashpulatov yurtimizda yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va aralash jang sanʼatlari bilan shugʻullanuvchi yosh iqtidorlarni xalqaro maydonlarga olib chiqish borasida davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
Uchrashuv yakunida Osiyo va Oʻzbekiston MMA assotsiatsiyalari oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, kelgusida ham qoʻshma loyihalarni izchil davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bu kabi hamkorlik oʻzbek MMA ustalarining jahon arenalaridagi mavqeyini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.