Oliy Majlis Senati va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda demografik o‘sishning ijobiy imkoniyatlari, aholi turmush darajasini yana-da oshirish hamda davlatimiz rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, ayollar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularning ish va oilaviy masʼuliyatlarini muvozanatli olib borish bo‘yicha xalqaro tajriba va ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish zarurati alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, gender tenglik masalasida faqat statistik ko‘rsatkichlar emas, balki amaliy o‘zgarishlar muhimligi qayd etildi. Bu borada ayollar va qizlarning salohiyatini keng qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda malaka oshirish uchun o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Nigina Abaszade o‘z navbatida O‘zbekistonda qizlar uchun taʼlim imkoniyatlarining kengayib borayotgani va bu kelajak uchun eng to‘g‘ri investitsiya ekanligini alohida eʼtirof etdi.
Shuningdek, raqamli zo‘ravonlikka qarshi qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, onlayn zo‘ravonlikka qarshi aniq huquqiy mexanizmlar ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va BMT Aholishunoslik jamg‘armasining 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.