Oʻzbekiston va Rossiya sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha ikki yillik yoʻl xaritasini ishlab chiqadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “MDH mamlakatlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” xalqaro forumi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi oʻrinbosari O. Pekos va Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o’rinbosari G. Borisenko oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar sun’iy intellekt (AI) sohasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlarni almashish, shuningdek, ikki mamlakatning raqamli transformatsiya yo‘nalishidagi strategik maqsadlari bo‘yicha fikr almashdilar.
Muzokaralar natijasida tomonlar yaqin ikki yil uchun mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasida sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilab beradi.
Shuningdek, tomonlar sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.