Oʻzbekiston Prezidenti shaharlarni barqaror rivojlantirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surdi
Oʻzbekiston Prezidenti shaharlarni barqaror rivojlantirish borasida qator tashabbuslarni ilgari surdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-may kuni Bokudagi Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtgan Yetakchilar sammitida ishtirok etdi.
Tadbirda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Bolgariya Prezidenti Iliyana Yotova, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Qozogʻiston Bosh vaziri Oljas Bektenov, BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax hamda qator boshqa xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar vakillari qatnashdi.
Forumda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash hamda uy-joy qurilishini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida forumning “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusi jadal urbanizatsiya sharoitida bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Tahlillarga koʻra, XXI asr oʻrtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi.
Davlatimiz rahbari urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvi ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirib borayotganini qayd etdi. Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum, ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq odam esa umuman boshpanaga ega emas. Iqlim oʻzgarishlari, tahlikali xalqaro vaziyat va iqtisodiy inqirozlar global migratsiyaning yangi toʻlqinlarini paydo qilib, shaharlar yuklamasini qoʻshimcha ravishda oshirmoqda.
– Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz shaharlarni barqaror rivojlantirish Yangi Oʻzbekiston uchun strategik ahamiyatga ega masalalardan biri ekanini ta’kidladi. Yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda shahar infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilishini keng koʻlamda rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda. Oxirgi oʻn yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetdi, 2030-yilda esa bu koʻrsatkich yana 1,5 barobar oshadi. Aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili budjetdan qariyb 2 milliard dollar mablagʻ ajratilmoqda.
Norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun 2024-yilda alohida qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi. Bundan tashqari, mamlakatimizda eskirgan uy-joylarni yangilash boʻyicha renovatsiya dasturi amalga oshirilib, yangilangan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi tashkil etildi.
Shaharlarning ekologik barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Yashil makon”, “Toza havo” dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.
Davlatimiz rahbari hududlarni obodonlashtirish va aholi turmush sifatini oshirishda mahalla instituti muhim oʻrni tutishini ham alohida taʼkidladi.
“Yangi Toshkent” megaloyihasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Unda “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari toʻliq hisobga olingan. Birinchi bosqichning oʻzida qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangan.
– Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, balki “Yangi Oʻzbekiston” massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni 100 taga yetadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida bir qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, davlatimiz rahbari kichik va oʻrta shaharlarni uygʻun rivojlantirish maqsadida “mutanosib urbanizatsiya” tamoyillarini keng joriy etishga chaqirdi.
Xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish tashabbusi bildirildi. Tuzilma shahar boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish sohasida texnologiyalar, standartlar va eng yaxshi tajribalar bilan almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida 2027-yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum oʻtkazish taklif qilindi.
Ekologik barqaror shaharlarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etish ham yana bir muhim tashabbus boʻldi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida oʻtkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining oʻrni” deb nomlashni taklif qildi.
Sammit doirasida boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham soʻzga chiqdi.
#Shavkat Mirziyoyev