Navoiyda Xinwey instituti va “Smart Xitoy tili ta’lim markazi” o‘quv markazi ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy davlat universiteti va Xitoyning “Geely Holding” korporatsiyasi oʻrtasida tuzilgan xalqaro hamkorlik shartnomasiga asosan, bugun universitetda “Smart Xitoy tili ta’lim markazi” ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Navoiy davlat universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Xitoyning yetakchi kompaniyalari – “Geely Talent Development Group” hamda “Geely Auto Group” raisi, kompaniya vakillari hamda investorlar ishtirok etdi. Tadbirni universitet rektori, professor Muxiddin Kalonov ochib berdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilm-fan va ta’lim sohasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Geely Ta’limni Rivojlantirish Markazi vitse-prezidenti, professor Zoe Chet Yil ushbu yangi markaz ikki tomonlama do‘stona munosabatlarning yaqqol ifodasi ekanini qayd etdi. Ramziy lenta kesilgach, tadbir ishtirokchilari yangi markazda yaratilgan shart-sharoitlar, texnik jihozlar va ta’lim uslublari bilan tanishdilar. Mazkur markazda talabalar endilikda xitoy tilini zamonaviy texnologiyalar asosida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, taʼlim muassasasida sunʼiy intellektga asoslangan xalqaro standartlarga mos gibrid taʼlim moduli yaratiladi. Ochilish marosimidan so‘ng universitet faollar yig’ingohida ikki tomon vakillari va talabalar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Unda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev ishtirok etdi. Anjumanda ta’lim sohasidagi hamkorlik, til o‘rganishdagi innovatsion yondashuvlar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar taqdimot qilindi. Yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan yangi investitsion loyihalar muhokama qilinib shartnomalar imzolandi.
Ikki tomonlama rasmiy muzokaralarda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev va Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muxiddin Kalonov tomonidan hamkorlik istiqbollari, taʼlim va fan sohasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. Jumladan, “Geely - Navoiy” STEM maktabini tashkil etish, Navoiy shahrini Geely kompaniyasining Markaziy Osiyodagi eksportyor markaziga aylantirish, Geely texnoparki va innovatsion maktab ochish, “Yashil” sanoat va ekologik texnologiyalar parki, elektromobil texnologiyalari boʻyicha hamkorlik loyihalari taklifi berildi.
Mehmonlar ushbu takliflarni mamnuniyat ila qabul qilib, ko‘mak berishga tayyor ekanligini ta’kidlashdi. Ushbu uchrashuv tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi va uzoq muddatli samarali hamkorlikka zamin yaratishi kutilmoqda.