Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Iqtisod 11/06/2025 NASDAQ vakillari bilan xalqaro moliyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

NASDAQ vakillari bilan xalqaro moliyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10-iyun kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida NASDAQ (“National Association of Securities Dealers Automated Quotation”) birjasi ijrochi rais o‘rinbosari Edvard Stenli Nayt boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov, “Toshkent” fond birjasi boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili hamda bir qator mas’ul shaxslar ishtirok etdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston fond bozorini rivojlantirish, xalqaro amaliyot asosida texnologiyalar transferi va ilg‘or infratuzilmaviy yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, NASDAQ delegatsiyasi zamonaviy fond birjalarida qo‘llanayotgan savdo moslashuvi va investorlar uchun xavfsiz hamda tezkor platformalar yaratish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar “Toshkent” fond birjasining texnik imkoniyatlarini kuchaytirish, yagona platforma orqali davlat obligatsiyalari, aksiyalar va boshqa moliyaviy instrumentlar bilan savdolarni amalga oshirish imkonini beruvchi integratsiyalashgan infratuzilma yaratish, investorlar uchun likvidlik va xavflarni boshqarish imkoniyatlarini oshirish yuzasidan fikr almashdi.

NASDAQ vakillari tomonidan ta’kidlanishicha, kompaniya 50 dan ortiq davlat va mintaqaviy fond birjalariga o‘z texnologiyalarini yetkazib berib, ularning barqaror ishlashini ta’minlab kelmoqda. Shuningdek, ular O‘zbekiston fond bozorining salohiyatini yuqori baholab, hamkorlikning turli modellarini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli strategik texnologik hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Bu O‘zbekiston moliya bozorining raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish, xalqaro investorlar ishtirokini kengaytirish va kapital bozorining jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling