“Monteks Tekstil San. Ltd. Sti” rahbari Metin Kurtulay o‘zbek tekstil korxonalariga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tashrif doirasida “Monteks Tekstil San. Ltd. Sti” soursing kompaniyasi rahbari Metin Kurtulay bir qator korxonalar bilan tanishish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekistondagi yirik korxonalarga tashrif buyurdi.
Dastlab UZTEX GROUP va SAAS TEKS INVEST kompaniyalarining ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlari bilan tanishildi. Uchrashuvda Yevropa bozoriga eksport qilish uchun zarur bo‘lgan sertifikatlar, texnik talablar va eksport jarayonlari bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, Yevropa davlatlariga yetkazib berish uchun maqbul mahsulotlar tanlab olindi va narxlari tahlil qilindi.
Shuningdek, Metin Kurtulay ECO SOFT TEXTILE kompaniyasining paypok ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurib, u yerda bolalar, ayollar va erkaklar uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi.
Tashrif natijasida eksport uchun zarur bo‘lgan barcha sertifikatlar va mahsulotlar aniqlandi, hamda kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida muhim qadamlar qo‘yildi.