Mirziyoyev: «Muammolar ko‘rsatmalarni emas — yechimlarni kutyapti»
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish, hududlardagi holat va islohotlar samaradorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘tgan besh oyda mamlakatimizda sanoat 6,4 foizga o‘sdi, eksport 18 foizga, xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2 million 400 ming odam daromadli bo‘ldi.
Lekin kuni kecha dunyoda yana bir mojarolar o‘chog‘i avj olgani nafaqat Yaqin Sharq, balki mintaqamizga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmaydi. Keskinlashuv davom etsa, pandemiyadan keyin endi-endi tiklanayotgan savdo aloqalari va logistika marshrutlari qiyinlashadi.
“Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti.
Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog‘idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko‘ra bilib, proaktiv, yaʼni topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shart.
Eng muhimi, aholi va biznes bilan muloqotni yana-da kuchaytirib, ular so‘rayotgan masalalarni tez-tez hal qilib berish bu rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur”, - dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi.
Har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Ularning viloyatda idorasi ham, boshlig‘i ham bor.
Ayrim tuman tashkilotlari oddiy-oddiy masalalarni hal qilish uchun viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak.
Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘lida har kuni 20 marta yopiladigan “shlagbaum” 200 metr nariga ko‘chirilsa, 8 ming avtomobil uchun tirbandlik yo‘qoladi. Lekin, bunga na tuman, na viloyat hokimini vakolati bor. “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan ruxsat olish kerak.
Yoki, “Termiz-Sariosiyo” temir yo‘lining yarmi elektrlashmagani uchun elektrovoz 1,5 soat sarflaydigan manzilga teplovozlar 3 soatda borayapti. Shu bois, ko‘pchilik avtomobilda harakatlanmoqda.
Tuman hokimlari va aholi takliflarini eshitib, bu yo‘nalishni oxirigacha elektrga o‘tkazsa, 10 ta tumanni Termiz bilan xavfsiz bog‘lash mumkin, lekin transport vaziri I.Mahkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi Z.Narzullayev bunga loqaydligi ko‘rsatib o‘tildi.
Suv va kanalizatsiya xizmatidan tushgan mablag‘ning 10 foizi tumanlarda qolyapti. Lekin, zarur materiallar tayyor turmagani uchun 2-3 soatda hal bo‘ladigan avariyalar 4-5 kunga cho‘zilayapti. Qachon avariya bo‘lsa, keyin material sotib olinayapti.
“Tuman tashkilotlari o‘zini “nazoratchi” deb biladi, aholi og‘irini yengil qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yo‘q!”
– dedi Prezidentimiz.
Masalan, Qumqo‘rg‘on tumani karantin bo‘limida 8 nafar inspektor faqat kamchilik bo‘yicha ko‘rsatma, eksportga sertifikat berish bilan shug‘ullanadi, fumigatsiya xizmatini ko‘rsatmaydi.
Ekologiya bo‘limi ham faqat daraxt kesishni nazorat qiladi, lekin “Yashil makon” doirasida qayerga qanday ko‘chat ekish, moliyaviy manbasi bo‘yicha taklif bermaydi.
Hukumatdagi masʼullar, vazirlar tartib-intizomga vaqtida eʼtibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayotgani tanqid qilindi.
Masalan, suyultirilgan gaz yetkazishda 60-70 kunlab uzilish kuzatilmoqda. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryoda murojaatlarning 70 foizi shu masala bilan bog‘liq.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin”,- dedi Prezidentimiz.
Yana bir masala – yozning boshlanishi nisbatan salqin keldi. Lekin buyog‘iga kunlar ancha isib, elektr isteʼmoli oshadi. Ikki oy oldin Energiya samaradorlik agentligi tashkil qilinib, byudjetdan 100 milliard so‘m berildi.
Energetika vazirligi va agentlikka vazirlik, hokimlik va davlat korxonalarining oylik isteʼmoli 500 kilovatt soatdan yuqori bo‘lgan xodimlari ro‘yxatini shakllantiradi. Ushbu xodimlarga energiya samarador texnologiyalarga o‘tish uchun “yashil taʼmir” krediti yoki subsidiya olishga ko‘maklashiladi. Kerak bo‘lsa, byudjetdan tashqari jamg‘armasidan ssuda berilishi mumkin.
Buning hisobidan yil yakunigacha isteʼmoli yuqori bo‘lgan kamida 100 ming xonadon energiya samarador tizimga o‘tishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi keskin oshmasligi, korxonalar “soya”dan chiqib ishlashi uchun QQSning yarmini keshbek qilib qaytarish tartibi o‘tgan hafta tasdiqlangan edi.
Mutasaddilar keshbekni bir kunga bo‘lsa ham kechiktirmaslik zarurligi haqida ogohlantirildi.
“Hokimlarni ham ogohlantiraman, ushbu yangi mexanizm asosida go‘sht, sut, parranda go‘shti va tuxum narxi barqaror bo‘lishi shart. Buni eplay olmaganlari ishdan ketadi”,- dedi Prezident.
Sud qarorlari vaqtida ijro bo‘lmayotgani yuzasidan murojaatlar juda ko‘pligi qayd etildi. O‘tgan yili MIBga yuborilgan har beshta sud qaroridan bittasi ijro qilinmagani tanqid qilindi.
O‘tgan hafta Toshkentdagi forumga kelgan investorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishga yana-da katta qiziqish bildirdi, 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.
Bu yilgi dastur doirasida yana 26,5 milliard dollar investitsiya bo‘lishi, 1 sentyabrgacha 3,3 milliard dollarlik 35 ta yirik loyiha so‘zsiz ishga tushishi shartligi taʼkidlandi.
Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘i hisobidan qurilayotgan yo‘l, suv, elektr bo‘yicha 3-5 yillab cho‘zilayotgan loyihalar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qayd etilganidek, logistika markazlari qurish uchun 2019 yilda Osiyo taraqqiyot bankidan olingan 197 million dollar bo‘yicha qayta-qayta tender o‘tkazilishiga chek qo‘yilganida, hali boshlanmagan ishga 200 ming dollar qarz foizi to‘lanmasdi.
Suv, ekologiya va qishloq infratuzilmasiga jalb qilingan mablag‘lar bo‘yicha 6 million dollar qarz foizlari o‘z vaqtida taʼminlanganida, boshqa birorta loyiha kechikmasdi.
Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi.
"Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?", - dedi davlatimiz rahbari.
Faoliyatidagi kamchilik va muammolarni hisobga olib, Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasini bugunning o‘zida tugatishga qaror qilindi.
Shu bois ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilishi belgilandi.
Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi masʼul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi.
Endilikda Hisob palatasi qarorlar bilan berilgan mablag‘larni faqatgina to‘g‘ri sarflanishini emas, balki nima samara berganini, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lganini ham o‘rganadi.
Palata raisi har bir qaror ijrosi natijadorligini tahlil qilib, zaif nuqtalar, “aravasini tortmayotgan” rahbarlar va ishlamayotgan tizimlar bo‘yicha o‘z taklifini har oyda Prezidentga kiritadi.
Hisob palatasiga bir oy ichida Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portalini butun respublikada ishga tushirish topshirildi.
Ushbu portal orqali aholi qurilish, obodonlashtirish va infratuzilma muammolarini suratga olib va aniq manzilini ko‘rsatgan holda mobil ilova orqali yuboradi.
Masalaning yechimi ham fotosurat bilan tasdiqlanadi. Ularning qanchalik tez va sifatli hal etilishiga qarab, hokimlar faoliyati kunlik baholab boriladi.
Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘ladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.
“Xalq qabulxonalari tizimi ham aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi “dispetcher”ga aylanib qoldi”, - dedi davlatimiz rahbari.
Misol uchun, o‘tgan yili virtual qabulxona va xalq qabulxonalariga yuborilgan murojaatlarning 55 foizi ijobiy hal etilmagan.
Murojaatlar hal bo‘lmagani uchun, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan. Ijtimoiy tarmoqlardagi eng ko‘p murojaatlar huquq-tartibot idoralari va sud, hokimliklar, taʼlim, ekologiya sohalariga to‘g‘ri keladi. Mingga yaqin murojaatlarda Prezidentning shaxsiy qabuli so‘ralgan.
“Ayniqsa, Toshkent shahri va Buxoroda mansabdor shaxslar ustidan shikoyatlar ko‘payganini hokimlar qachon tahlil qilgan? Vazirlar va hokimlar murojaatlarga yechim bermasa, odamlar dodini kimga aytsin?
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak!” - dedi Prezident.
Tizimdagi kamchiliklar hisobga olinib, Xalq qabulxonalarining barcha xodimlari bugundan boshlab ishdan bo‘shatilishi va masalani hal qila oladigan fidoyi kadrlar bilan to‘ldirilishi qayd etildi.
Endilikda Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi belgilandi. Hokimlar har kuni ishini shu yerda aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi.
“Hokimlar bir narsani tushunib olsin, bugun tug‘ilgan muammoni keyingi kunga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan shu yerning o‘zida hal qiladi”, - dedi Prezident.
Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi. Masalalarni hal qilish uchun qo‘shimcha resurs ham beriladi.
Prezidentimiz qator sohalardagi muammolarni tahlil qilib, ularning yechimlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Yil boshidan 867 ta “og‘ir” toifadagi mahallaga suv chiqarish uchun 1,4 trillion so‘m berildi. Buning hisobiga 662 ming xonadondagi jami 80 ming gektar tomorqaga 25-30 yil ichida ilk bor suv yetib bordi.
Lekin serdaromad ekin ekib, 2-3 marta hosil olish o‘rgatilmayotgani qayd etildi.
“Tomorqaga suv yetkazish uchun sarflangan 1 so‘m hisobidan hech bo‘lmaganda 2-3 so‘mlik mahsulot yaratilsa, 662 ming oila mavsumda qo‘shimcha 5-6 million so‘m daromad ko‘radi-ku!” – dedi davlatimiz rahbari.
Misol uchun, Qoraqalpog‘istondagi 89 ta mahallaga 150 milliard so‘m berilgan. Mutasaddilarga bu mahallalarda tomorqadan 350-400 milliard so‘mlik qo‘shimcha mahsulot olish bo‘yicha tizim yaratish topshirildi.
Har bir tumanda 5 tadan, jami 1 ming 156 ta drayver loyiha infratuzilmasiga 300 milliard so‘m ajratilgan.
Lekin Buxorodagi 27 ta, Navoiydagi 22 ta loyiha bo‘yicha qurilish boshlanmagan. Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatida ham ishlar rejadan 1-2 oyga kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoki 16 ta tumanning har birini jadal rivojlantirishga 70 milliard so‘mdan pul ajratildi.
Birinchi bosqichda 336 milliard so‘m berilgani bilan Chimboy, Asaka, Chortoq tumanlari hokimlari o‘zi bergan loyihani uch oydan beri qayta-qayta o‘zgartirayotgani tanqid qilindi. Sirdaryo, Yakkabog‘ tumanlari va Yangiyo‘l shahrida ham ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hokimlar natija bo‘lmasa, mablag‘ qaytarib olinishi haqida ogohlantirildi.
Meva-sabzavot yetishtirish, saqlash, qayta ishlashga zamonaviy agrotexnologiya olib kirish, eksportni ko‘paytirish uchun 16 ta tumanda “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, 300 milliard so‘m berilgan. Banklar ham ularga 10 million dollardan resurs ajratishni boshladi.
Lekin bu tumanlarning 5 tasida meva-sabzavot eksporti ko‘payish o‘rniga, o‘tgan yilgidan kamaygan. Barcha masalalar resurs bilan hal qilib berilgan bo‘lsa, “Agrostar” kompaniyalari qachon natija berishni boshlaydi, deya savol qo‘ydi Prezidentimiz.
Hokimlardan oziq-ovqat va eksportni ko‘paytirish talab qilinmoqda. Lekin tumanlar hududining katta qismini tashkil qiladigan o‘rmon va yaylov yerlari respublika tashkilotlariga berilgan. Tuman hokimining vakolati bo‘lmagani uchun daraxt bilan qoplanmagan o‘rmon hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtira olmaydi.
Umuman, oziq-ovqatni ko‘paytirishda eng katta zaxira bo‘lgan 16 million gektar yaylov va 12 million gektar o‘rmon yerlaridan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
“Shuncha resurs bilan go‘shtga bo‘lgan ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, eksportga ham chiqsak bo‘ladi-ku!” – dedi davlatimiz rahbari.
Bosh vazirga bu masalani nazoratga olib, bir oyda o‘rmon va yaylov yerlarining qanchasini aholiga oziq-ovqat, ozuqa uchun bo‘lib berishini hisob-kitob qilish hamda yerlarni auksionga chiqarish topshirildi. Shuningdek, yaylov va o‘rmon yerlarini olayotgan fermer va chorvadorlarning aylanma mablag‘ini ham hal qilib berish vazifasi qo‘yildi.
Birinchi yarim yillikda 2 million 600 ming aholini band qilish, 722 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish reja qilingan.
Lekin mablag‘ va sharoit bo‘lsa-da, bandlik rejasi 15 ta tumanda to‘liq bajarilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Bular – Muborak, Bo‘ston, Vobkent, Marhamat, Farg‘ona, Zangiota, Do‘stlik, Chortoq, Qorao‘zak, Uychi, Xonobod, Yangibozor, Parkent, Arnasoy va Uchko‘prik tumanlari.
Ushbu tuman hokimlari uch oyda rejaga chiqmasa, barchasi ishdan olinishi qayd etildi.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha Uchquduq, Angren va Karmanada ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil boshidan hududlarda byudjetga tushum 26 foizga o‘sdi. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda o‘sish respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga ham chiqmadi.
Yer, mol-mulk va suv soliqlari mahalliy byudjetda qoldirilmoqda. Lekin faqat shu soliqlarni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70-80 foiz vaqti sarflanmoqda.
“Bu 1 so‘m soliq yig‘ish uchun 2 so‘m resurs sarflash bilan barobar emasmi?
Aslida, Soliq qo‘mitasi rahbariyati, viloyat, tuman soliq rahbarlari televideniye, gazeta, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, soliq to‘lash majburiyat emas, konstitutsiyaviy burch ekanini tushuntirsa, soliqlarni odamlarni o‘zi to‘lab qo‘yadiku!
Agar mahalladagi soliqchi bunga ketgan vaqtini soliq bazasini kengaytirishga sarflasa, tushum karra-karra oshadi”,- dedi Prezident.
Mutasaddilarga mahallada yer, mol-mulk, suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.
Mamlakatimizdagi 1 ming 24 ta mahalla “og‘ir” toifada, yana 1 ming 294 tasida jinoyatchilik, 1,5 mingida ajrimlar soni ko‘paygan. Eng ko‘p “og‘ir” mahallalar Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida.
Hozirgacha 8 ming 481 ta mahallada saylov bo‘lib o‘tdi. 3 ming 590 ta mahallaga yangi raislar saylandi, 4 ming 891 nafari joyini saqlab qoldi.
Mahallalar uyushmasi mahalla raislari va “yettilik”ni yangicha ishlashga o‘rgatishi zarurligi qayd etildi. Umuman, mahalla tizimida ancha masala yig‘ilib qolgani, saylov yakunlanganidan keyin ular alohida muhokama qilinishi taʼkidlandi.
Mamlakatimizdagi 1 ming 24 ta mahalla “og‘ir” toifada, yana 1 ming 294 tasida jinoyatchilik, 1,5 mingida ajrimlar soni ko‘paygan. Eng ko‘p “og‘ir” mahallalar Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida.
Hozirgacha 8 ming 481 ta mahallada saylov bo‘lib o‘tdi. 3 ming 590 ta mahallaga yangi raislar saylandi, 4 ming 891 nafari joyini saqlab qoldi.
Mahallalar uyushmasi mahalla raislari va “yettilik”ni yangicha ishlashga o‘rgatishi zarurligi qayd etildi. Umuman, mahalla tizimida ancha masala yig‘ilib qolgani, saylov yakunlanganidan keyin ular alohida muhokama qilinishi taʼkidlandi.
Toshkent shahri va viloyat markazlarida birorta hokim bo‘sh joylarni topib, yashil hudud, odamlar toza havoga chiqib o‘tiradigan joylar, sport maydonchalari, fontanlarni ko‘paytirishni o‘ylamayotgani tanqid qilindi.
Bor sport maydonchalari va bolalar o‘yingohlari, uylar orasidagi yashil hududlar qurilish uchun berib yuborilayotganidan odamlar norozi.
Misol uchun, barcha ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga biriktirib berish bo‘yicha topshiriq berilgan. Lekin, Toshkent shahri hokimining 5 maydagi qarori bilan 9 ming 802 ta ko‘p qavatli uylarning faqatgina bino ostidagi yerlari kadastr bilan biriktirilgan.
“Maqsadi bitta – qolgan yerlarni qurilish qilish uchun tadbirkorlarga sotish! Qani topshiriq nazorati? Qani qonunning kuchi?” – dedi Prezident.
Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadovga, adliya vaziri A.Toshqulovga “O‘zbekkosmos” va Kadastr agentligi bilan birgalikda qaysi hududda “yashil” hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohi boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan bo‘lsa, hammasini aniqlab, joyiga qaytarish topshirildi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni boshqaruv kompaniyalariga berish bo‘yicha hokimlarning qarorlarini o‘rganib, qonunga zidlarini bekor qilish vazifasi qo‘yildi.
“Bir narsani to‘g‘ri tushunib olish zarur. Tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi”, - dedi Prezident.
Masalan, tumandagi xodimning oyligi vazirlikka qaraganda 3-4 karra kam bo‘lgani uchun kadrlar qo‘nimsizligi yuqori ekani qayd etildi.
Tuman hokimiga yuzdan ortiq qonun va qarorlar bilan 500 ga yaqin funksiya yuklatilgani bilan, ularning yarmidan ko‘pini bilmaydi. Chunki o‘zi ham, o‘rinbosarlari ham 40 foiz vaqtini yig‘ilish o‘tkazishga sarflayapti.
Tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni rag‘batlantirish, yomonini almashtirish bo‘yicha hokimda vakolat yo‘q. Quyi bo‘g‘indagi shtatlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas.
Tumandagi kompleks rivojlanishga masʼul birorta idora 3-5 yillik maqsad va rejalar dasturini qilib, hokim oldiga masala qo‘ya olmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora.
Shu bois, ayrim tumanlarda tayyor berilgan resursga ham loyiha topilmayapti.
Endilikda tumanda ish ham, yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgarishi belgilandi.
Bu tizim yil yakunigacha Surxondaryoda to‘liq, qolgan hududlarda jadal rivojlantirish belgilangan 15 ta tuman va shahar - Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida, Toshkent shahrida esa Bektemir tumanida joriy qilinadi.
Prezident Administratsiyasi va Hukumat vakillari hamda viloyat hokimlari bunga masʼul bo‘ladi.
Prezidentimiz yangi tizimni Sirdaryo tumani misolida tushuntirib berdi.
Jumladan, kompleks rivojlantirishga masʼul 9 ta vazirlikning tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi. Bular – iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar bo‘limlari.
Tuman hokimi hokimlik va ushbu 9 ta idoradagi shtatlarni o‘zi taqsimlab, qaysi bo‘limda nechta odam ishlashini, ishga olish-bo‘shatishni o‘zi hal qiladi.
Sirdaryo tumani ixtiyorida qoladigan mablag‘lar manbasi ko‘paytiriladi. Masalan, maʼmuriy va moliyaviy jarimalar, soliq tekshiruvlari bo‘yicha penya, toifasi o‘zgargan qishloq yerlari uchun nobudgarchilik kompensatsiyasi, o‘rmon yerlari hududlarini ijara tushumlari, ko‘rsatilgan davlat xizmatlaridan tushgan mablag‘larning bir qismi tumanda qoladi.
Bundan tumanga yiliga qo‘shimcha 12 milliard so‘m tushadi.
Endilikda hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada o‘rinbosari bo‘lishini hokimning o‘zi belgilaydi.
Misol uchun, Sirdaryo tumani hokimi kelgusi uch yilda turizm, servis va logistikani tumanni asosiy drayveri sifatida ko‘rayapti. Shu bois, uning iqtisodiyot bo‘yicha 1-o‘rinbosari bir vaqtni o‘zida turizm, servis va logistikaga masʼul bo‘ladi. Unga 10 ta aniq vazifa yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.
Xuddi shunday, hokim va qolgan 3 nafar o‘rinbosariga ham aniq vazifalar moliyaviy taʼminoti bilan belgilab beriladi.
Hokim, uning o‘rinbosarlari KPIni to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aksincha bo‘lsa, mablag‘ oshirilmaydi va masʼul rahbar ishdan ketadi.
Sirdaryo tumani hokimi 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi”ni tuzadi.
“Islohotlar shtabi” uch oyda tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlaydi. Kelgusi yil uchun byudjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.
Natijasiga qarab, bu yangi tajriba kelasi yildan butun respublikada yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.
“Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi.
Viloyat, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan “g‘alvirni suvdan ko‘tarib”, kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman”, - dedi davlatimiz rahbari maʼruzasi yakunida.
Ayni paytda Prezident maslahatchilari, Hukumat aʼzolari, vazirlar va hokimlarning hisobotlari tinglanmoqda.
#Shavkat Mirziyoyev