Mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning sakkizinchi yalpi majlisida mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Senat aʼzolarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida, shu jumladan sayyor qabullarda, Senatga kelib tushayotgan murojaatlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat idoralari, korxona va tashkilotlari mehnat qonunchiligiga yetarli darajada rioya etmayotganligi oqibatida so‘nggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan eʼtirozlar bildirilmoqda. Shuni inobatga olib, ushbu masala Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgan.
Jumladan, 2023-2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan bandlik va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganish ko‘rsatganidek, ayrim davlat idoralari, korxona va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati qoniqarsizligicha qolmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga mazkur masalalar bo‘yicha 167 314 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlar soni 2024-yilda (80 816 ta) 2023-yilga (86 498 ta) nisbatan qariyb 6 mingtaga yoki 7 foizga kamaygan bo‘lsa-da, mehnatga haq to‘lash hamda mehnat va bandlik sohasidagi boshqaruv bilan bog‘liq masalalarga doir murojaatlar soni oshgan.
2024-yilda sudlarda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha joylarda mehnat qonunchiligiga rioya qilmaslik oqibatida huquqi buzilgan fuqarolar foydasiga ish beruvchilardan 166 mlrd so‘m ish haqi, 22 mlrd so‘m majburiy progul uchun haq, 20 mlrd so‘m maʼnaviy zarar va 17 mlrd so‘m davlat boji undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan bo‘lib, natijada ayrim rahbarlarning noqonuniy buyruqlari natijasida jami 225 mlrd so‘m miqdorida yoki 2023 yilga nisbatan 86 mlrd so‘mdan ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Mehnat nizolarining aksariyatini ish haqini undirish, ishga tiklash, pulli kompensatsiya undirish, mehnat taʼtili, ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etganlik bilan bog‘liq nizolar tashkil etgan.
Aholining haqli eʼtirozlari ko‘payishi, adolatsizlik yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.