MBPM (HUMO to‘lov tizimi) hamkorlarga AliPay+ bilan bogʻliq innovatsion loyihani taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 4-iyun kuni InterContinental Tashkent mehmonxonasida HUMO kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan biznes-nonushta bo‘lib o‘tdi. Unda AliPay+ xalqaro to‘lov tizimi bilan integratsiyalashuvning yangi imkoniyatlari taqdim etildi. Tadbirda asosiy hamkorlar – O‘zbekiston bank sektori vakillari ishtirok etishdi.
HUMO kompaniyasi ishtirokchilarni O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun naqd pulsiz hisob-kitoblar imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradigan AliPay+ bilan qo‘shma loyiha ishga tushirilishi haqida xabardor qildi. Bu loyiha tatbiq etilsa, hamkor banklar, biznes va iste’molchilar uchun yangi istiqbollar ochiladi, tovar va xizmatlar uchun ham ichki, ham tashqi to‘lovlar osonlashadi.
Tadbir davomida to‘lovlarni raqamlashtirish, moliyaviy inklyuzivlikni oshirish va O‘zbekiston bozorining raqobatbardoshligini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi. HUMOga hamkor banklar yaqin kelajakda ishga tushirilishi rejalashtirilgan yangi loyiha doirasida savollar berish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
HUMO to‘lov tizimiga AliPay+ joriy etilishi:
Sayyohlar va Xitoy hamda Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan hamkorlik qiladigan tadbirkorlar uchun to‘lovlarni soddalashtirish;
QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilish tarmog‘ini kengaytirish;
HUMO kartalari foydalanuvchilari uchun tranzaksiyalar qulayligini oshirish imkoniyatlarni yaratadi.