Mashhur diniy bloger Alisher Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mashhur diniy bloger va Azon Global media platformasi asoschisi Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, u 2025 yil 8 may kuni Turkiya hududida, o‘zbek tomonining so‘roviga asosan ushlangan. 10 may kuni Tursunov O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
MVD maʼlumotiga ko‘ra, 1974 yilda tug‘ilgan Alisher Ahmadovich Tursunov xalqaro miqyosda, Interpol kanallari orqali qidiruvda bo‘lgan.
Olib borilgan ekspertizalar natijasida, u tomonidan tashkil etilgan onlayn-resurslar orqali tarqatilgan materiallar va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan maʼlumotlar O‘zbekiston qonunchiligiga zid ekani aniqlangan.
Shu sababli Tursunovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹ va 244³-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddalar jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish, hamda diniy adabiyotlarni noqonuniy tarqatish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Unga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash belgilandi.
Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.