Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston tarixida ilk bor Jennifer Lopez konsertini tashkil etdi!
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 7-avgust kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida yilning eng muhim madaniy voqealaridan biri — Jennifer Lopezning “Up All Night — LIVE IN 2025” jahon gastrol safaridagi konserti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir mamlakat tarixida AAA toifasidagi jahon darajasidagi san’atkorning ilk chiqishi hamda ushbu tur doirasidagi Osiyodagi eng yirik konsert bo‘ldi.
Konsert xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otib, O‘zbekistonning global darajadagi yirik tadbirlar maydonchasi sifatida o‘sib borayotgan maqomini namoyish etdi. Chiptalarning 67 foizi xorijiy fuqarolar tomonidan xarid qilindi, jumladan, Rossiya Federatsiyasidan qariyb 9 000 mehmon, Qozog‘iston Respublikasidan 2 500 dan ortiq mehmon, shuningdek, Yevropa davlatlaridan tashrif buyurganlar. Umuman olganda, tadbir 15 000 dan ortiq sayyohni jalb qildi, ularning aksariyati mamlakatda 4–6 kun davomida bo‘lib, yuqori narx segmentidagi turistik paketlarni tanladilar. Konsert o‘tkazilishidan olingan iqtisodiy samaradorlik 10 milliard so‘mdan ortiq soliq tushumlarini ta’minlab, yozgi past mavsumda mehmonxona va restoran biznesiga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatdi.
Jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash choralari
Tadbir tashkil etilishi jarayonida xavfsizlik va jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar ko‘rildi:
• stadion va unga tutash hudud havo kuzatuvi uchun uchuvchisiz uchish apparatlari orqali monitoring qilindi;
• zamonaviy avtotransport vositalari bilan jihozlangan yo‘l-patrul xizmatlari navbatchilik qildi;
• 8 ta tez tibbiy yordam brigadasi to‘liq tayyor holatda xizmat ko‘rsatdi;
• kirish joylari yuzni aniqlash (Face ID) funksiyasiga ega kameralar va Toshkent shahrining Vaziyat-analitik markazi bilan integratsiya qilingan detektorlar bilan jihozlandi;
• stadionga taqiqlangan buyumlarni olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat kuchaytirildi;
• chiptasiz va soxta chipta bilan kirishga urinishlarning oldini olish uchun qo‘shimcha nazoratchilar jalb qilindi;
• 3 686 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va 300 nafar ko‘ngillilar safarbar qilindi;
• xavfsizlik choralari bo‘yicha barcha faoliyatlar Xavfsizlik kengashi apparati, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya nazoratida olib borildi.
Tozalik, obodonlashtirish va qulaylikni ta’minlash
Tadbirga tayyorgarlik doirasida obodonlashtirish va xizmat infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi:
• stadionga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanib, obodonlashtirildi;
• tozalikka 500 nafar ishchi (200 nafari stadion ichida, 300 nafari tashqi hududda) jalb qilindi;
• katta sig‘imli 200 ta va 1 tonnalik 40 ta chiqindi konteyneri o‘rnatildi;
• sanitariya-epidemiologiya xizmati nazorati ostida 13 ta fudu-kort tashkil etildi;
• “Hyatt” mehmonxonasi, “Humo Arena” majmuasi va “Tashkent City”dan stadionga qatnovchi shattle-avtobuslar ishga tushirildi (har bir manzildan 5 tadan avtobus);
• metropoliten poyezdlari harakati oralig‘i 2 daqiqagacha qisqartirildi;
• OAV va internet orqali kirish sxemalari, xizmat zonalari joylashuvi va shattle-avtobuslar yo‘nalishlari tarqatildi.
Jennifer Lopez konsertining o‘tkazilishi O‘zbekistonning eng yuqori darajadagi xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etish salohiyatini tasdiqladi. Bunday loyihalar kreativ industriyalar rivojiga, kirish turizmi o‘sishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi imijini mustahkamlashga va uni global madaniy makonga integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekistonga jahon yulduzlarini jalb qilish va xalqaro darajadagi madaniy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni davom ettiradi.