Valyuta kurslari 19/06/2025
$1 – 12618.63
UZS – -0,39%
€1 – 14516.47
UZS – -0,85%
₽1 – 160.83
UZS – -0,2%
Qidirish
O‘zbekiston 18/06/2025 Maʼmuriy ogohlantirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilindi

Maʼmuriy ogohlantirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini nazorat qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, ayrim xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi, bunda birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga erishilayotganligi kuzatilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizliligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Ziyodbek Yunusovning qayd etishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasiga ko‘ra, agar ma’muriy huquqbuzarlik kam ahamiyatli, deb topilsa, faqat sud huquqbuzarni javobgarlikdan ozod qilib, ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin. Bu holda ogohlantirish ma’muriy jazo hisoblanmaydi. Biroq, yangi kiritilayotgan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 282-moddasida esa, sud yoki mansabdor shaxs ma’muriy huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxsga nisbatan ma’muriy ogohlantirish qo‘llashi mumkin. Bu esa ma’muriy jazo sifatida MJTKning 23-moddasida belgilangan. Ya’ni, bir kodeksda “ogohlantirish” atamasi ikki xil mazmunda kelmoqda. Biri jazo emas va faqat sud tomonidan qo‘llaniladi. Ikkinchisi jazo sifatida va uni sud ham, mansabdor shaxs ham qo‘llashi mumkin.

Deputat shu ikki xil qo‘llanish amaliyotda chalkashlikka, tushunmovchilik va noto‘g‘ri qarorlarga olib kelishi mumkin emasmi? degan savol bilan qonun tashabbuskorlariga yuzlandi.

Qonun loyihasiga mas’ul qo‘mita — Korrupsiga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov bu bo‘yicha atroflicha tushuntirish berib o‘tdi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling