Laziz Qudratov Avazada qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 5–6 avgust kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida dengizga chiqishi bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha BMTning Uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkmaniston hukumat vakillari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agahanov, Turkmaniston Sanoat va qurilish vaziri Toyguli Nurov, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) bosh direktorining o‘rinbosari Fatu Xaydara va Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (YIEK) ijrochi kotibining o‘rinbosari Dmitriy Maryasin bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.
Turkmaniston tomoni bilan chegara savdo zonasining (Shavat, Xorazm viloyati – Dashoguz, Dashoguz welaýaty) faoliyat yuritish to‘g‘risidagi Shartnomani imzolash va uni yaqin kelajakda ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdoni oshirish va biznes faoliyatini rag‘batlantirishda muhim qadam bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollargacha yetkazish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasini tasdiqlash masalasi kelishib olindi.
2024 yilda Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 1,15 milliard dollarni tashkil etdi. 2025-yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo hajmi taxminan 500 million dollar atrofida bo‘ldi.
UNIDO bilan sanoat, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish, inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi tashabbuslarni o‘z ichiga olgan o‘rta muddatli Qo‘shma Hamkorlik Dasturini tasdiqlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
YIEK bilan Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dastur (SPECA) doirasida hamkorlikni kengaytirish, yashil iqtisodiyot, innovatsiyalar, logistika, aqlli qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.