Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
Iqtisod 01/04/2025 Korzinka 110 million dollarlik investitsiya bilan rivojlanishni jadallashtirmoqda

Korzinka 110 million dollarlik investitsiya bilan rivojlanishni jadallashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Korzinka, 150 dan ortiq do‘konga ega bo‘lgan O‘zbekistonning yetakchi supermarket tarmog‘i, yirik minoritar investitsiyani jalb qilganini mamnuniyat bilan e’lon qiladi. Ushbu investitsiya quyidagi yetakchi sarmoyadorlar tomonidan amalga oshirilgan:

Abu Dhabi Uzbek Investment (ADUI) – Abu Dabi Taraqqiyot Jamg‘armasi (BAA) va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi (O‘zTTJ) o‘rtasidagi qo‘shma korxona; va

O‘zbekiston – O‘mon Investitsiya Kompaniyasi (UzOman ) – O‘mon Suveren investitsiya jamg‘armalari konsorsiumiga yetakchilik qilgan kompaniya bo‘lib, u O‘mon Investitsiya Boshqarmasi (UIB) va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi (O‘zTTJ) o‘rtasidagi qo‘shma korxona hisoblanadi.

Bu Korzinka uchun so‘nggi yillardagi ikkinchi yirik investitsiya bo‘lib, 2020-yilda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) tomonidan amalga oshirilgan investitsiyadan keyingi muhim bosqich hisoblanadi. So‘nggi kelishuv xalqaro investorlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi, bu esa Korzinkaning bozordagi yetakchiligi, brendining tanilganligi va O‘zbekistonning zamonaviy chakana savdo sektorida mustahkam o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi. Shuningdek, bu kompaniya kuchli operatsion asoslari va kelajakdagi o‘sish uchun yuqori salohiyatga ega ekanligini ham ko‘rsatadi. Korzinka chakana savdo sohasida chuqur bilim va xalqaro tajribani o‘zida uyg‘unlashtirgan jahon darajasidagi menejerlar jamoasi tomonidan boshqariladi. Kompaniya rivojlanish strategiyasi uning asoschisi va Kuzatuv kengashi raisi, hamon asosiy aksiyador bo‘lib qolayotgan Zafar Hoshimovning g‘oyalari asosida yo‘naltiriladi.

Ushbu kelishuv bo‘yicha Korzinkaning moliyaviy maslahatchisi sifatida Morgan Stanley xizmat ko‘rsatdi, O‘mon investorlar konsorsiumiga esa O‘mon Investitsiya Banki (UIB) maslahat berdi.

Mazkur investitsiya Korzinkaning ko‘p kanalli chakana savdo modelining tezkor o‘sishini ta’minlaydi. Bunda supermarket formatidagi mavjud yetakchilik mavqeini mustahkamlashga, Korzinka Mahalla uy yaqinidagi kichik formatli do‘konlar tarmog‘ini tez sur’atda kengaytirishga va kompaniyaning bozorda yetakchi bo‘lgan elektron tijorat loyihasi – Korzinka Go'ni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘sishning keyingi bosqichlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Korzinka zamonaviy infratuzilmaga sarmoya kiritmoqda. Jumladan, 2025-yilning ikkinchi yarmida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 49 000 m² maydonga ega A toifali yangi taqsimot markazi bunyod etilmoqda.

“Yangi aksiyadorlarimizni samimiy kutib qolaman. Ushbu yirik sarmoya Korzinkaning ulkan o‘sish rejalari amalga oshishiga xizmat qiladi. Bu biz uchun muhim bosqich bo‘lib, kompaniyamizning bozor yetakchisi sifatida mustahkam o‘ringa ega ekanligi va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli islohotlarga bo‘lgan ishonchni yana bir bor tasdiqlaydi.

Jadal iqtisodiy islohotlar natijasida mamlakatimiz dunyoning eng istiqbolli rivojlanayotgan bozorlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekiston YaIM hajmi $100 milliarddan ortiq bo‘lib, aholi soni 37 millionga yetdi va har yili qariyb 1 million kishiga ko‘paymoqda.

Biz biznesimizni kengaytirishda davom etar ekanmiz, Korzinka O‘zbekiston oziq-ovqat chakana savdosining kelajagini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi,” — deb izohladi Zafar Hoshimov.

“Ushbu investitsiya bizning o‘sish strategiyamizni sezilarli darajada jadallashtiradi va 1000 dan ortiq do‘konga ega bo‘lish kabi o‘rta muddatli maqsadimizga erishishda bizga katta yordam beradi. 2020-yilda YeTTB investitsiyasidan buyon Korzinka do‘konlari sonini uch barobardan ko‘proq oshirdi hamda mavjud savdo nuqtalarida savdoning o‘sishiga erishdi. Bu esa zamonaviy chakana savdo bozorida talabning oshib borayotganini va kompaniyamizning samarali o‘sish qobiliyatini tasdiqlaydi. Yangi investorlarimizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli biz O‘zbekiston chakana savdo bozorining rivojlanishiga yanada faol hissa qo‘shishda davom etamiz.

Korzinka yuqori sifat, qulaylik va nihoyatda raqobatbardosh narxlar bo‘yicha o‘zining mustahkam va mashaqqat bilan qozonilgan obro‘siga ega. Kengayishda davom etar ekanmiz, ushbu qadriyatlarimizga sodiq qolamiz. Aynan shu tamoyillar, millionlab o‘zbekistonliklar ishonchini qozonishimizga xizmat qilmoqda”, — deb ta’kidladi Korzinka bosh direktori Rud Pedersen.

Sarvar Hamidov, ADUI bosh direktori, ushbu investitsiyani ADUI'ning O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi investitsion hamkorliklarni rivojlantirishga bo‘lgan sodiqligining yorqin dalili sifatida baholab, quyidagicha izohladi: “Biz Korzinkaga sarmoya kiritish bo‘yicha ushbu bosqichga hamyetakchilik qilayotganimizdan mamnunmiz. Korzinka – O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan zamonaviy chakana savdo bozoridagi shubhasiz yetakchidir. Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng istiqbolli bozorlaridan biri sifatida ajralib turibdi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar sarmoya uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda va iqtisodiy o‘sishni jadallashtirmoqda. Kuchli makroiqtisodiy asoslar, dunyodagi eng tez o‘sayotgan aholining biri, iste’mol xarid qobiliyatining oshishi va zamonaviy chakana savdoga bo‘lgan talabning o‘sishi yangi sarmoyadorlarni mamlakatga jalb qilmoqda. Biz Korzinka’ning izchil kengayishini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning chakana savdo sanoatini mintaqaviy mezonga aylantirish yo‘lida hissa qo‘shishdan mamnunmiz”.

“Biz O‘zbekiston oziq-ovqat chakana savdo bozorida doimo mukammallik mezonini belgilab, uni muntazam ravishda takomillashtirib borayotgan Korzinka kompaniyasini qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanamiz. Biz Korzinkaning izchil o‘sishi, tajribali va malakali menejment jamoasi hamda bozorning eng yetakchi ishtirokchilaridan biri sifatida mustahkam pozitsiyasidan katta taassurot oldik – bu uni ishonchli va istiqbolli investitsion hamkorga aylantiradi. Korzinka O‘zbekiston jamiyatida iste’molchilar ishonchi va brend sadoqatining noyob darajasiga ega bo‘lib, bu uning jahon darajasidagi do‘konlari va operatsion samaradorligi bilan mustahkamlangan. Uzoq muddatli investor sifatida biz nafaqat o‘z sohasida yetakchi bo‘lgan, balki O‘zbekistonning zamonaviy chakana savdo kelajagini shakllantirishda asosiy rol o‘ynayotgan kompaniya bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”, — deb ta’kidladi Omar Bahram, UzOman bosh direktori.

Tamas Nadj (Tamas Nagy), 2020-yilda Korzinkaga investitsiya kiritgan YeTTB vakili, ushbu kelishuvni quyidagicha sharhladi: “Biz Korzinkani 2020-yildan buyon qo‘llab-quvvatlab kelayotganimizdan faxrlanamiz. Biz kompaniyaning ulkan o‘sish salohiyatini va uning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini e’tirof etgan edik. Shu vaqt mobaynida Korzinka barcha yo‘nalishlarda ajoyib yutuqlarga erishdi, jumladan, yuqori darajadagi korporativ boshqaruv standartlarini joriy qildi hamda do‘konlarni loyihalashtirishda atrof-muhitga mas’uliyatli yondashuvni qo‘lladi. Ushbu investitsiya Korzinkaning kelgusi taraqqiyot bosqichlariga tayyorligi va ulkan salohiyatiga yaqqol ishoradir”.»

#Korzinka  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling