Kongressmen Trent Kelli: O'zbekiston ulkan imkoniyatlar davlati, mamlakat AQSh biznesi va savdosi uchun ochiq
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSh Kongressida "Yangi O'zbekiston: savdo, investitsiyalar va AQSh bilan hamkorlik" mavzusida davra suhbati o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirning asosiy maqsadi – AQSh tomoniga O'zbekistonda iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, investitsiyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda o'zbek-amerika munosabatlarining hozirgi yuqori darajasi yuzasidan ma'lumotlarni yetkazishdan iborat bo'ldi.
Unda AQSh Kongress Vakillar palatasi a'zolari, Davlat departamenti, Kongress tadqiqot xizmati, AQSh Savdo vakili ofisi, Qo'shma Shtatlarning yetakchi kompaniyalari hamda "The Diplomat", "Diplomatic Watch" va "The Times of Central Asia" kabi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda "O'zbekiston bo'yicha kokus" hamraisi, kongressmen Trent Kelli, kongress a'zosi Kerol Miller, "Cove-Capital" kompaniyasining rahbari Pini Altxaus, "FLSmidth" kompaniyasi vitse-prezidenti Piter Flanagan hamda "Amerika-O'zbekiston savdo palatasi" ijrochi direktori Yelena Son nutq so'zladi.
Kongressmen Trent Kelli O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuksak baholab, juda qisqa vaqt ichida yuksak natijalarga erishilganini e'tirof etdi.
Uning aytishicha, 25-mart kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasiga H.R. 2329-sonli Jekson-Venik tuzatishini O'zbekistonga nisbatan bekor qilish to'g'risidagi qonun loyihasi kiritilgan va hujjat nusxasi O'zbekiston tomoniga taqdim etildi.
AQSh Vakillar palatasi a'zosi O'zbekistonning Kongressda tobora do'stlari ko'payib borayotganini, jumladan u o'zining do'sti, Missisipi shtati vakili Maykl Gestning ham O'zbekiston bilan mustahkam hamkorlikni yo'lga qo'yganini qayd etdi. Senatda esa Stiv Deyns respublikaning ishonchli hamkori ekani qayd etildi.
"Jekson-Venik" tuzatishini O'zbekistonga nisbatan imkon qadar tez fursatlarda bekor qilish maqsadida kongressvumen Kerol Miller, kongressmenlar Visente Gonsales va Jimmi Panetta bilan birgalikda faol ish olib borayotgani ma'lum qilindi. "Men Soliq va byudjet qo'mitasi raisi Jeyson Smit bilan bir necha bor uchrashdim. Hozirda tuzatishni bekor qilish uchun eng maqbul payt va biz buni amalga oshirish uchun bor kuchimizni ishga solamiz", dedi Trent Kelli.
Kongressmen, shuningdek, O'zbekistonda savdo va investitsiya uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratilganini urg'uladi. "O'zbekiston ulkan imkoniyatlar davlati. Mamlakat AQSh biznesi va savdosi uchun ochiq", dedi u.
Trent Kelli Kongress a'zosi Kerol Millerning yaqinda O'zbekistonga qilgan safari haqida so'zlab, bu uning birinchi tashrifi bo'lganini, ammo so'nggisi emasligiga ishonch bildirdi. "Mening tajribamga ko'ra, O'zbekistonga borganingizda, u yerdagi odamlarning qalbidagi mehr va millatga bo'lgan iftixorni his qilasiz va yana qaytishni xohlaysiz", deydi "O'zbekiston bo'yicha kokus" hamraisi.
AQSh Kongressi vakili Kerol Miller joriy yil 16-19-mart kunlari O'zbekistonga qilgan safari unda chuqur va unutilmas taassurot qoldirganini alohida ta'kidladi.
"O'zbekistonga amalga oshirgan tashrif men uchun katta sharaf bo'ldi. Men tarix sohasida tahsil olganim uchun O'zbekistonning boy va betakror tarixi menda har doim katta qiziqish uyg'otgan. Bor yo'g'i 250 yillik tarixga ega Amerikadan kelgan shaxs sifatida, ming yillar davomida ulkan tarixiy merosni asrab kelayotgan mamlakatda bo'lish men uchun beqiyos tajriba bo'ldi", dedi u.
Kongressvumen, O'zbekiston Prezidenti bilan bo'lib o'tgan mazmunli muloqotini alohida ta'kidlab ushbu suhbat unda katta taassurot qoldirganini aytib o'tdi. Uzoq davom etgan samimiy muloqot ochiq hamda o'zaro hurmat ruhida o'tgani, uchrashuvda muhokama qilingan masalalar istiqbolli ekanligi qayd etildi.
U, shuningdek, O'zbekistonning so'nggi yillardagi jadal iqtisodiy taraqqiyotiga yuqori baho berib, mamlakat barcha sohalarda juda tez rivojlanayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, u O'zbekistondagi madaniy xilma-xillik va millatlar hamda dinlar o'rtasidagi bag'rikenglik muhitiga yuqori baho berdi. "Men O'zbekistondagi qadimiy va zamonaviy masjidlar, pravoslav cherkovi va sinagogalarni ko'zdan kechirdim. Ularning barchasi O'zbekistonda millatlar va dinlar o'rtasida mustahkam bag'rikenglik va o'zaro hurmat ruhi shakllanganini yaqqol namoyon etdi", dedi Kerol Miller.
So'zining yakunida kongressvumen AQSh Vakillar palatasidagi Soliq va byudjet qo'mitasi a'zosi sifatida, ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta'kidladi. "Mintaqangizga safardan qaytganimdan so'ng, mamlakatlaringizga nisbatan "Jekson-Venik" tuzatishini bekor qilish va normal savdo rejimini joriy etish masalasini Kongressda ko'tardim. Chunki savdo do'stlikni mustahkamlovchi eng samarali vositadir. O'z tarixida dunyo savdo yo'llarining markazi bo'lgan va doimo AQSh bilan hamkorlikka intilib kelgan O'zbekiston kabi mamlakat bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish biz uchun doimo dolzarb vazifa bo'lib qolishi kerak", deya ta'kidladi Kerol Miller.
"Cove Capital" kompaniyasining rahbari Pini Altxaus o'z navbatida, O'zbekistonning AQSh iqtisodiyoti va xavfsizligi uchun zarur bo'lgan muhim minerallar zanjirini ta'minlash, shuningdek, toza energiya va texnologik yetakchilikka o'tishdagi strategik ahamiyatini yuqori baholadi.
"FLSmidth" kompaniyasining katta vitse-prezidenti Peter Flenegan jahon konchilik sanoatida O'zbekistonning strategik ahamiyatini yuqori baholab, mis va muhim minerallar ishlab chiqarishni rivojlantirishda mamlakatning yetakchi o'rnini ta'kidladi.
"FLSmidth" kompaniyasi AQSh bilan O'zbekiston o'rtasida mis, litiy va boshqa muhim minerallarni qazib olish sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyor", dedi Peter Flenegan.
Amerika-O'zbekiston savdo palatasi (AUCC) ijrochi direktori Yelena Son o'z nutqida, bugungi tadbirga O'zbekistonning asl do'stlari yig'ilganligini ta'kidlab, bu O'zbekiston AQShda kuchli ittifoqchilarga ega ekanligini namoyish etishini bildirdi. "Amerika-O'zbekiston savdo palatasi a'zolarining ko'pchiligi AQShda bo'lishsa ham O'zbekiston va AQSh mehnat bozorini rivojlantirishga yordam beradigan loyiha va tashabbuslar ustida muntazam ish olib bormoqda. Amerikaning eng nufuzli, jumladan, "General Motors", "Google", "Apple" kabi yirik kompaniyalar O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlashda katta hissa qo'shyapti. O'zbekiston AQSh uchun iqtisodiy sohada strategik sherik bo'la oladigan davlat", dedi AUCC ijrochi direktori.