Kobuldagi O‘zbekiston Savdo uyi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 10–13 may kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasining Kobul va Mazori Sharif shaharlariga O‘zbekiston tadbirkorlarining tashrifi doirasida qator uchrashuvlar va amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Tashrifning dastlabki kunida Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Afg‘onistonning oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarini tartibga soluvchi masʼul vazirliklar vakillari bilan uchrashdilar.
Suhbat chog‘ida afg‘on tomoni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga import qilishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan talab va mezonlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, afg‘on bozorida faoliyat yuritish uchun tadbirkorlarimizga yaratilgan imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlar taqdim etildi.
🇺🇿 Delegatsiya aʼzolari Kobul shahrida O‘zbekiston mahsulotlari uchun tashkil etilgan Savdo uyiga ham tashrif buyurdi. U yerda tadbirkorlarimiz o‘z mahsulotlarini joylashtirish, savdo rastalarida namoyish qilish va sotuvga tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etdilar.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish, milliy eksport salohiyatini kengaytirish va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bunday tashabbuslar orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni tashqi bozorlarga olib chiqish uchun samarali va aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga intilmoqda.