Kanton yarmarkasiga bag‘ishlangan xalqaro taqdimot-seminari bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 31 iyul kuni Toshkent shahrida Xitoyning eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri – 138-Kanton import va eksport yarmarkasiga bag‘ishlangan xalqaro taqdimot-seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, ishbilarmon doira vakillari, sohaviy uyushmalar, rasmiy idoralar va diplomatik vakolatxonalar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Dilshod Rasulov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanayotganini taʼkidlar ekan, Kanton yarmarkasi mahalliy tadbirkorlar uchun Xitoy bozoriga chiqishda muhim platforma ekanligini qayd etdi.
Janob Lyu Syaomin o‘z taqdimotida yarmarkaning tarixi, zamonaviy formati, ishtirok shartlari hamda onlayn va oflayn ko‘rgazmalarda qatnashish imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, u O‘zbekiston kompaniyalarini faol ishtirok etishga chorlab, ular uchun alohida qulayliklar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mavjudligini taʼkidladi.
Tadbir doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘zaro fikr almashib, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.