Valyuta kurslari 23/06/2025
$1 – 12496.94
UZS – -0,5%
€1 – 14405.22
UZS – -0,05%
₽1 – 159.38
UZS – -0,49%
Qidirish
Iqtisod 03/04/2025 “JP Morgan” vakillari bilan xalqaro moliya bozorlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

“JP Morgan” vakillari bilan xalqaro moliya bozorlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev “JP Morgan” bankining MDH mamlakatlari bo‘yicha katta menejeri va investitsiya-bank bo‘limi rahbari Timur Kunanbayev bilan uchrashdi. Suhbat davomida xalqaro moliya bozorlaridagi mavjud vaziyat, O‘zbekistonning global moliya institutlari bilan hamkorlik istiqbollari va bozor sharoitlarida yuzaga kelayotgan muhim tendensiyalar muhokama qilindi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev O‘zbekistonda olib borilayotgan bozor mexanizmlarini rivojlantirish, kapital bozorlarining barqaror ishlashini ta’minlash va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekiston moliya tizimidagi barqarorlik, investitsion joziba va yirik loyihalarning moliyalashtirilishiga bo‘lgan investorlar qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi.

“JP Morgan” vakili, o‘z navbatida, mintaqaviy makroiqtisodiy jarayonlar va global moliya bozorlaridagi hozirgi holat bo‘yicha o‘z tahlillari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, bankning boshqa davlatlar bilan amalga oshirgan moliyaviy operatsiyalaridagi tajribalar misolida O‘zbekiston bilan potensial hamkorlik formatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yangi turdagi moliyaviy instrumentlarni joriy etish hamda “JP Morgan” ishtirokida O‘zbekiston bozorida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini har tomonlama ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling