Jinoyat protsessi ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish taʼminlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (VMQ-103-son, 21.02.2025 y.) bilan “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi” to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan bir yo‘la beriladigan nafaqani tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ etib belgilandi.
Quyidagilar himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llashga asos bo‘ladi:
- halok bo‘lganligi (vafot etganligi);
- unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilganligi yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilganligi;
- unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganligi yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilganligi;
- mulkiy zarar yetkazilganligi.