Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 19/04/2025 Jinlun kompaniyasi Andijon gidroenergetikasi uchun yangi imkoniyatlar taklif qildi

Jinlun kompaniyasi Andijon gidroenergetikasi uchun yangi imkoniyatlar taklif qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida Buloqboshi tumanida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda gidroenergetika tarmog‘ini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor berildi.

Bu borada, viloyatning suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati borligi, ushbu jarayonda qatnashadigan tadbirkorlarga 3 yil imtiyozli davr bilan, 7 yilga 12 foiz stavkada kredit berilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi davomida hududda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan uchrashdi. Xususan, “O‘zbekgidroenergo” AJning asosiy xorijiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasining “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi direktori o‘rinbosari– Оu Yanhun janoblarining Andijon viloyatining gidroenergetika salohiyatini yuksaltirish borasidagi takliflari bilan tanishdi.

2025-yilda Andijonda quvvati 24 megavatt, 2026-yilda yana 20 megavatt bo‘lgan jami 763 ta kichik va mikro GESlarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Xabaringiz bor, “O‘zbekgidroenergo” AJ XXRning sohada 60 yillik tajribaga ega bo‘lgan “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” (Jinlun) kompaniyasi bilan izchil hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.

Kompaniya bilan hamkorlik doirasida Jamiyat tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan “UzHydroPower” QK tomonidan quvvati 40 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida mahalliylashtirish doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu qo‘shma loyiha mamlakatimizda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan quvvati 40 MVt gacha bo‘lgan gidroagregatlarni ishlab chiqarishni taʼminlaydi.

Mazkur xorijiy kompaniya nafaqat respublikamizning gidroenergetika sohasi uchun gidroagregatlarni ishlab chiqaradi, balki endilikda O‘zbekiston orqali qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va boshqa davlatlar uchun ham gidroagregatlar ishlab chiqariladi.

Aytish joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilgan “UzHydroPower” qo‘shma korxonasida har bir loyiha uchun individual va eksklyuziv bo‘lgan gidroagregatlar loyihalashtiriladi hamda eng zaruriy ehtiyot-qismlar (metall detallar, zatvorlar, ko‘tarib-tushiruvchi mexanizmlar va boshq.) ishlab chiqariladi.

Ushbu amaliy hamkorlik doirasida yuqori innovatsion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetika sohasida ilk bor ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi hamda mahalliylashtirish doirasida kelgusi istiqbolda moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilishga, sifatli va zamonaviy standartlarga asoslangan agregatlarni ishlab chiqarilishini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

Pirovard natijada, hududlarimiz bo‘ylab kichik va mikro GESlar qurilishida mahalliylashtirish doirasida “milliy brend” asosida ishlab chiqarilayotgan gidroagregatlar va asbob-uskunalardan foydalaniladi, bu o‘z navbatida, O‘zbekiston gidroenergetik salohiyatini yuksaltirishga muhim hissa qo‘shiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling