JICA va ISSV O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Shohruh Gulamovning Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga Iqtisodiy taraqqiyot departamentining xususiy sektorni rivojlantirish guruhi katta direktori xonim Okumoto Yasuyo boshchilik qildi.
Tomonlar xususiy sektor, inson kapitalini rivojlantirish hamda qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya markazi (UJC) tomonidan kadrlar tayyorlash, biznes kurslari tashkil etish, madaniy-ma’rifiy almashinuvlar va yoshlar orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi muhim hissasi alohida ta’kidlandi. Markaz faoliyatini yanada mustahkamlash, o‘quv bazasini modernizatsiya qilish va yangi qo‘shma dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida Yaponiyaning Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida “O‘zbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi orqali tadbirkorlar salohiyatini yuksaltirish va biznes aloqalarini o‘rnatish” loyihasining 3-bosqichi doirasida yapon texnik hamkorligiga oid Bayonnoma imzolandi.