Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik Hojiakbar Akbarov eng yaxshi xorijlik ishchi deb topildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Koreyaning Seul shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli 2025 EPS Conference in Seoul — Koreyada ishlayotgan xorijliklar orasida o‘tkazilgan tanlovida yurtimiz vakili, Andijonlik 26 yoshli Hojiakbar Akbarov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.
Agentlik maʼlumotiga ko‘ra, ushbu tanlov Janubiy Koreyaga EPS tizimi orqali mehnat muhojirlarini yuboruvchi davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va mehnat migratsiyasi sohasida barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan.
Tadbirni Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tashkil etgan. Mukofotni Hojiakbar Akbarovga Janubiy Koreya mehnat vaziri Kim Yon Xun tantanali ravishda topshirdi.
Hojiakbar Akbarov 2023 yildan beri HD Hyundai Samho korxonasida payvandchi sifatida ishlab kelmoqda. Uning ishga joylashuvi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali tashkil etilgan.
2025 yil iyun oyi oxiridagi holatga ko‘ra, Janubiy Koreya hududida 98,4 ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi yashamoqda. O‘zbek diasporasi mamlakatdagi eng yirik xorijiy jamoalar orasida beshinchi o‘rinni egallaydi.