Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari yakunlandi, 11-maydan suv ta’minoti tiklanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 9-may kuni olib borilayotgan avariyaviy-tiklash ishlari doirasida, kecha Janubiy Farg‘ona kanalida yuz bergan texnogen vaziyat – kanal qirg‘og‘ining yemirilishi tufayli sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatlari bartaraf etildi, suv oqimi to‘xtatilib, kanalning yemirilgan qirg‘oqlari mustahkamlandi.
Kecha tashkil etilgan tunu-kun rejimidagi avariyaviy-tiklash ishlari doirasida, 230 dan ortiq ishchi kuchi, 40 ga yaqin texnika jalb qilinib, 2000 m3 dan ortiq tuproq va tosh ishlari, 300 m3 dan ortiq beton-armatura ishlari bajarildi.
Aytish lozimki, safarbar qilingan kuchlar, amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida qisqa soatlar ichida suv toshqini bartaraf qilindi, kanal qirg‘oqlari mustahkamlanib, to‘liq tiklandi.
Amalga oshirilgan beton ishlari kanal qirg‘oqlari mustahkamligini to‘liq taʼminlagandan so‘ng, kanaldagi suv oqimi 11-may kuni tiklanadi hamda odatdagi rejimda ishlashni davom ettiradi.
Buloqboshi tumani “Sarvontepa” mahallasini avvalgidan ham obod qilish, mahalla hududi yo‘llarini asfaltlash, aholi uy-joylarini taʼmirlash ishlari tashkil etilmoqda.