Jahon banki va O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi o‘rtasida DXSh loyihalarini ishlab chiqish muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 23-iyun kuni Jahon bankining davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha ekspertlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jahon bankining davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha mutaxassisi Yelena Timusheva, DXSH bo‘yicha konsultant David Duarte hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish departamenti direktori o‘rinbosari Abduqodir Yoqubov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar davlat-xususiy sheriklik (DXSH) va fiskal xatarlarni boshqarish mexanizmlari bo‘yicha texnik hamkorlik, DXSH loyihalarini skrining qilish va baholashga doir uslubiyot va amaliy vositalar hamda ularni yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Shuningdek, muhokamalar davomida tomonlar suv ta’minoti, transport va boshqa muhim sohalarda amalga oshirilayotgan DXSH loyihalari va ularning natijalari, moliyaviy barqarorlik va investitsiyaviy jozibadorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldi.