Istanbulda qidiruvdagi jinoyatchi ayol qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Turkiya Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida yirik tezkor-qidiruv tadbiri amalga oshirildi. Ushbu hamkorlik natijasida Oʻzbekiston hududida jinoyat sodir etgan va qidiruvga berilgan shaxs qoʻlga olindi.
Jinoyatni fosh etishda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor-qidiruv departamenti hamda Istanbul shahridagi Bosh konsulxonaning birinchi kotibi — ichki ishlar masalalari boʻyicha aloqa ofitseri oʻrtasidagi samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etdi.
Maʼlumotlarga koʻra, 1981-yilda tugʻilgan I.U. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi boʻyicha Namangan viloyati IIB tomonidan qidiruvga berilgan. Tezkor maʼlumotlar asosida u Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida yashirinib yurganligi aniqlandi.
Mazkur shaxs joriy yilning 17-iyun kuni Turkiya hududida qoʻlga olinib, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilindi.