ISSV va Alibaba Group O‘zbekistonning 100 ta kompaniyasi uchun Export Accelerator dasturini ishga tushirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xanjouda ISSV delegatsiyasi bilan Alibaba Group vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar 100 ta o‘zbek kompaniyasi uchun Alibaba Export Accelerator – Uzbekistan dasturini ishga tushirish, shuningdek, mahsulotlarni Aliexpress, Tmall va Taobao marketing platformalari orqali bevosita sotishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, JD.com bilan “Made in Uzbekistan” onlayn pavilyonini yaratish va mahsulotlarni Xitoydagi logistika xablar orqali B2B2C formatida yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida delegatsiya SHHT elektron savdo bo‘yicha ishchi guruhining 8-yig‘ilishida ishtirok etdi. O‘zbekiston tomoni raqamli transformatsiyani chuqurlashtirish, elektron maydonchalar orqali eksport salohiyatini oshirish, mintaqaviy hamkorlik asosida inklyuziv o‘sishni rivojlantirish va boshqa tashabbuslarni ilgari surdi. Takliflar SHHTga a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.