Iordaniyaning Classic Fashion Apparel Industry Ltd. Co. kompaniyasi faoliyati o‘rganildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 13 fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Iordaniyaning Ammon shahrida bo‘lib, Classic Fashion Apparel Industry Ltd. Co. kompaniyasiga tashrif buyurdi.
Kompaniyaga 2003 yilda asos solingan bo‘lib, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi eng yirik kiyim-kechak ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Iordaniya bo‘ylab 20 ta zamonaviy fabrika mavjud bo‘lib, ular kuniga 500 mingta kiyim ishlab chiqaradi. Xodimlar soni 30 mingdan ortiq.
Dunyo miqyosidagi Walmart, Adidas, Reebok, Hanes, Nautica, Hollister, Kirkland va Gerry kabi yirik brendlar bilan hamkorlik qiladi.
Tashrif davomida korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishildi hamda ikki tomon o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Jumladan, bo‘yalgan mato eksportini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilinib, xalqaro bozor talablari, logistika masalalari va mahsulot raqobatbardoshligini oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, eksport jarayonini soddalashtirish va samaradorligini oshirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi.