Intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi xabardorlik darajasini oshirish, yaratilgan intellektual faoliyat natijalarini muhofaza qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali ortiqcha talablarni bekor qilish hamda intellektual mulkni huquqiy jihatdan ishonchli tarzda muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini soddalashtirish, ayrim intellektual mulk obyektlarini ekspertiza qilish muddatlarini qisqartirish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarida ortiqcha hujjatlardan voz kechish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, patent bojlarini to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar joriy etish hamda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma kelib tushganidan so‘ng kerakli hujjatlarning bor-yo‘qligi va qoidalarning talablariga qanchalik muvofiqligi yuzasidan o‘tkaziladigan tekshirish muddati o‘n kun etib belgilanmoqda.
Shuningdek, sanoat mulki obyektlarini ro‘yxatga olishda patentni tasdiqlash tartibi yengillashtirilmoqda. Bunda sanoat mulki obyekti ro‘yxatga olinganda patent talabnoma beruvchiga avtomatik tarzda elektron tizim orqali yuboriladi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga va innovatsion jihatdan yuksalishiga samarali taʼsir ko‘rsatuvchi intellektual mulk tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur hujjat jamiyatda intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan hurmat hissini shakllantirishga hamda intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ham qaratilgandir.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.