Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 19/02/2025 Intellektual mulk himoyasi yanada kuchaytiriladi

Intellektual mulk himoyasi yanada kuchaytiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini oshirishni ta’minlash, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish, intellektual mulk egalarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Fuqarolik kodeksi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonunlarda intellektual mulk himoyasini tartibga soluvchi huquqiy normalar tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlab qo‘yildi.

Lekin bugungi kunda intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar soni va ularni sodir etish usullari va ko‘lami ortib borayotgani intellektual mulk egalari, xususan, mualliflar, ijodkorlar, ixtirochilar va boshqa huquq egalarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini samarali himoya qilishni taqozo etmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatidagi foydalanish ko‘lamining ortishi va ayrim biznes vakillari tomonidan nohalol tadbirkorlik faoliyati olib borilishi sababli bu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar soni keskin oshgan. Jumladan, 2023-yilda sudlar tomonidan intellektual mulk obyektlari himoyasiga oid 249 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

2024-yilda esa intellektual mulk huquqlarini buzish holatlari bo‘yicha mualliflar foydasiga sud qarorlari bilan bir milliard so‘mga yaqin tavon puli undirilgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik kodekslariga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek, sanoat mulki obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk sohasidagi javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qo‘yish va aholining, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk obyektlarini qonuniy foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling