Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish instituti joriy etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning sakkizinchi yalpi majlisida “Ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish instituti joriy etilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Xususan, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishni raqamlash tirish hamda inson omilini kamaytirish yuzasidan qonunchilikka yangi normalar kiritilgan. Bundan tashqari, sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olish, fuqarolarning mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qator qonun hujjatlari amaliyotga tatbiq qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 2022–2024-yillar davomida sud qarorlari ijrosiga oid ko‘plab ijro hujjatlari sud tartibida nizolashayotganligi va davlat ijrochisi harakatlari ustidan shikoyat qilinayotganligi sababli ijro jarayonida muayyan muammolar vujudga kelmoqda. Natijada qarzdor o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar sababli o‘z faoliyatini davom ettira olmayapti.
Shu o‘rinda sud qarori qabul qilingan shaxslarning qonuniy manfaatlarini hamda sud qarorlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayoniga kafolat mablag‘ini kiritish institutini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Bunda ijro ishi bo‘yicha kafolat mablag‘larini kiritish ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish, qarzdorga va uning mol-mulkiga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlarni bekor qilish uchun asos bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda sud qarorlari ijrosini ta’minlash tizimini takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.