Valyuta kurslari 18/06/2025
$1 – 12668.14
UZS – -0,37%
€1 – 14640.57
UZS – -0,61%
₽1 – 161.15
UZS – -0,37%
Qidirish
Moliya 11/06/2025 iCRAFT loyihasi doirasida O‘zbekistonga ikkinchi transh grant mablag‘lari ajratildi

iCRAFT loyihasi doirasida O‘zbekistonga ikkinchi transh grant mablag‘lari ajratildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida 7,5 million AQSH dollari miqdoridagi ikkinchi transh grant mablag‘larini jalb qildi.

Mazkur transh “Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi” (ERPA) asosida ajratilgan bo‘lib, 2023-yilda O‘zbekistonda qisqartirilgan jami 6,328 million tonna issiqxona gazlarining 500 ming tonnasi uchun kompensatsiya sifatida xizmat qiladi. Ushbu to‘lov xalqaro uglerod bozori simulyatsiyasi shaklida amalga oshirildi va mamlakatda innovatsion iqlim moliyasi mexanizmlarini joriy etishda muhim yutuq hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, 2024-yilda loyihaning birinchi transhi orqali ham 7,5 million dollar miqdorida grant ajratilgan edi. Shu kungacha iCRAFT loyihasi doirasida O‘zbekiston jami 15 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘larini jalb qilgan bo‘lib, bu moliyaviy resurslar mamlakatning barqaror rivojlanish strategiyasini mustahkamlamoqda.

iCRAFT loyihasi dunyodagi "siyosatga asoslangan kreditlash" yondashuvi asosida amalga oshirilayotgan birinchi tashabbus hisoblanadi. Loyiha energetika sohasida islohotlar orqali issiqxona gazlari emissiyalarini qisqartirishni va O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda xalqaro uglerod bozorlari bilan savdoni yo‘lga qo‘ygan ilk davlatlardan biri sifatida shakllantirishni maqsad qilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling