Gruziya O‘zbekistonning sanoat sektori bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 22 may kuni Gruziya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Georgiy Pertaya boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahrida joylashgan “TEXNOPARK” MCHJga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekistondagi eng yirik sanoat klasterlaridan biri bo‘lgan ushbu texnoparkning faoliyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Gruziya delegatsiyasi aʼzolari faoliyat yuritayotgan korxonalarni ko‘zdan kechirdi, ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik operatsiyalarni avtomatlashtirish darajasi va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik, lokalizatsiya jarayonlari va ishlab chiqarishda innovatsion yechimlarni joriy etish masalalariga qiziqish bildirdilar.
“TEXNOPARK” vakillari mehmonlarga ishlab chiqarish quvvatlari, eksport yo‘nalishlari, xorijiy hamkorlar (SAMSUNG, FERROLI) bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar, shuningdek, ekotizim va rivojlanish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Ushbu tashrif Gruziya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi sanoat va texnologiya sektoriga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirdi hamda kelgusidagi amaliy hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratishi mumkin.