GCI Gemological Centers Uzbekistanni tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida "GCI Gemological Centers Uzbekistan" gemmologiya markazi tashkil etiladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo"AA muxbiri.
Joriy yilning 1-avgust kuni mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Isroilning "GCI Gemological Centers Ltd." kompaniyasi va O'zbekistondagi "Expert One" MCHJ o'rtasida "GCI Gemological Centers Uzbekistan" gemmologiya markazini tashkil etish bo'yicha shartnoma imzolandi.
Toshkentda ochiladigan markaz professional gemmologik ekspertizalar o'tkazish, qimmatbaho toshlarni "GCI" xalqaro standartlari asosida sertifikatlash, shuningdek, gemmologiya sohasida ta'lim dasturlarini amalga oshiradi.
Kompaniya bosh menejeri Yehuda Yakarning aytishicha, "GCI"ning O'zbekistondagi filialini ochish haqidagi qaror, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, investitsiya muhitdagi ijobiy o'zgarishlar, xalqaro ishonchning mustahkamlanishi hamda inson kapitaliga bo'lgan e'tibor tufayli qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu markazni tashkil etishda Isroildagi "Yangi O'zbekiston" savdo-investitsiya uyi rahbari Nargiza Qodirovaning ham faol ishtiroki qayd etildi. "Yangi O'zbekiston" savdo-investitsiya uyi 2024-yil avgust oyida diplomatik missiya ko'magida tashkil etilgan bo'lib, yirik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda katta hissa qo'shmoqda.
"GCI Gemological Centers Ltd." – bu dunyo miqyosida e'tirof etilgan, Isroilning nufuzli gemmologiya kompaniyasi bo'lib, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni baholash, sertifikatlash hamda ta'lim sohalarida faoliyat yuritadi.