G‘ayrat Nasirov Davlat bojxona qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasida navbatdan tashqari kengaytirilgan xizmat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita markaziy apparati hamda videokonferensiya tarzida hududiy bojxona boshqarmalari va postlari shaxsiy tarkibi ishtirok etgan yig‘ilishda tashkiliy o‘zgarishlar haqida axborot berildi.
Yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 11 fevraldagi tegishli qarori bilan bojxona xizmati polkovnigi Nasirov G‘ayrat Farxadovich Bojxona qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanganligi o‘qib eshittirildi.
Bunga qadar G‘.Nasirov “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshlig‘i lavozimida xizmat qilib kelayotgan edi.
Shu kunga qadar Bojxona qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilib kelgan Ilxom Muxtorov esa bojxona organlaridagi boshqa tuzilmalarda o‘z xizmatini davom ettiradi.
Yig‘ilishda bojxona organlari oldiga joriy yilda qo‘yilgan vazifalar ijrosiga doir qator masalalar ko‘rib chiqildi.