Fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida inson omili kamaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarga pensiyalarni tayinlash tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinmoqda. Jumladan, fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlar talab etmagan holda birgina shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida pensiya tayinlash uchun Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish amaliyoti joriy etildi.
Shu bilan birga, fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida inson omilini kamaytirib, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada oshirish uchun sohada ilg‘or raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi esa aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishni nazarda tutadi.
Loyiha bilan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Majlisda mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar bergan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, ular asosida qonun loyihasi pishiq-puxta holatga keltirilgan holda, maromiga yetkazilgani qayd etildi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi vaSenatga yuborildi.