Franklin Templeton kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi boshqaruvchisi va ishonchli vakili sifatida ish boshladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 1-may kuni Franklin Templeton kompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi boshqaruvchisi va ishonchli vakili sifatida o‘z faoliyatini boshladi.
Milliy investitsiya jamg‘armasining (Jamg’arma) maqsadlari iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va portfelidagi davlat korxonalarining samaradorligi, daromadliligi hamda boshqaruvini takomillashtirish orqali xalqaro investorlarni jalb etishdan iborat. Bundan tashqari, Franklin Templeton kompaniyasining asosiy ustuvor vazifalaridan biri Jamg‘armani Toshkent fond birjasi va yetakchi xalqaro fond birjasida listingga kiritish (IPO) bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-avgustdagi Farmoniga asosan aksiyadorlik jamiyati sifatida tashkil etilgan. Jamg‘arma mamlakatning 18 ta asosiy davlat korxonasida 20 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan minoritar ulushlarga ega. O‘zbekiston hukumati Jamg‘armaning 100 foizlik mulkdoridir.
Tadbir davomida “Templeton Global Investments” kompaniyasining Bosh investitsiya direktori Manraj Sekhon O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi boshqaruvi ishonib topshirilganidan juda mamnun ekanligi, ushbu hamkorlik O‘zbekistonda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va mamlakatning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiyatimizda muhim bosqich sifatida mamlakat uchun barqaror o‘sish va farovonlikka xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, kompaniya vakillari davlat korxonalari portfelini boshqarish nafaqat katta iqtisodiy qiymatga, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega ekanligi hamda kompaniya ehtiyotkorlik, puxtalik va strategik nazar bilan boshqaradigan muhim milliy aktivlar hisoblanishiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan ushbu lavozimidan tashqari Toshkentdagi vakolatxona rahbari etib tayinlandi.
Franklin Templeton rivojlanayotgan bozorlarda strategik investitsiya mandatlarini boshqarishda keng ko‘lamli tajribaga ega. Jumladan, kompaniya Ruminiyaning xususiylashtirilishi va kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan, Buxarest va Londonda listingga chiqarilgan Fondul Proprietatea jamg‘armasini boshqarishda asosiy rol o‘ynagan. Jamg‘armaning bozor kapitallashuvi 3 milliard AQSh dollaridan oshgan.
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini rivojlantirishning keyingi bosqichi dastlabki ommaviy aksiyalarni taklif etishga tayyorgarlik ko‘rish, portfelidagi davlat korxonalarning transformatsiyasiga ko’maklashish hamda roud-shoular va maqsadli targ‘ibot orqali xalqaro investorlarni jalb qilishga qaratiladi.