Farg‘onada “Tulpor” brendi bilan traktorlar ishlab chiqarish korxonasining qurilishi boshlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada “Tulpor” brendi bilan traktorlar ishlab chiqarish korxonasining qurilishi boshlandi Quvasoy shahri Pakana MFY hududida joylashgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi filialida "FERGHANA TULPOR MACHINERY” MCHJ tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining qurilish ishlariga kirishildi.
Shu munosabat bilan o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat IIB boshlig‘i Azizbek Ikramov, shahar hokimligi masʼullari, tadbirkorlar, xitoylik investorlar ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘z so‘zida bir necha oy oldin Xitoyga tashrif davomida mazkur kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgani, aniq rejalar qilinib, bugun oldinga qo‘yilgan katta maqsadni amalga oshirish boshlanayotganligini qayd etdi.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar juda yuqori darajada rivoj topayotganligi, bunga ikki davlat rahbarlarining o‘zaro do‘stona, samimiy munosabatlari asos bo‘layotganligi, Xitoy investorlari uchun O‘zbekistonda katta sharoit va imkoniyatlar berib kelinayotganligi, uni natijasi sifatida kundan-kunga Xitoy biznesmenlarining soni ortib borayotganligi taʼkidlandi.
Keyingi yillarda Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo sheriklaridan biriga aylangani, 2024 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 13 mlrd dollardan ortgani aytib o‘tildi. Quvasoy shahrida boshlangan navbatdagi loyiha ham ishonchli hamkorlik natijasi sifatida eʼtirof etildi.
7 gektar maydonda boshlangan loyiha qiymati birinchi bosqichda 30 mln dollarni tashkil qiladi. Keyingi bosqichlarda yana-da kengayib, uch yilda 300 mlnga yetkaziladi. Mazkur korxonani tashkil qilinishi pirovardida uning yonida keyinchalik ehtiyot qismlarni ishlab chiqaruvchi qo‘shimcha korxonalar barpo qilinishi aytildi. - Bu yerda yirik mashinasozlik majmuasi barpo etiladi. Korxonani tashkil qilish uchun ancha vaqtdan buyon tayyorgarlik qilindi.
Xitoylik investorlarimiz bilan birgalikda bunga “Tulpor” degan nom berdik, alohida dizaynga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi. Agrotexnik tadbirlarni ham amalga oshiruvchi traktorlar ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bog‘ oralarida ishlovchi kichik traktorlardan tortib 400 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlargacha ishlab chiqarishni reja qilganmiz.
Bu texnikalar nafaqat O‘zbekiston bozorida qolaversa, Markaziy Osiyo, MDH davlatlari, qo‘shni davlatlar bozorlarida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, yaxshi brendga aylanadi degan umiddamiz, - dedi viloyat hokimi o‘z nutqida. Tadbirda xitoylik investorlar ham so‘z olib, yaratilayotgan qulayliklar, imkoniyatlar va ko‘mak uchun minnatdorchilik bildirdilar. Loyiha doirasida 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi maʼlum qilindi.
Tamal toshi qo‘yilib, tantanali tarzda korxona poydevori qurilishiga kirishildi. Shu yerda yangi korxonada ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan traktorlarning ilk numunalari bilan tanishildi.