Farg‘onada Singapur kompaniyasi bilan muqobil energiya manbalari joriy etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada Singapurning Watchman Group Pte., Ltd kompaniyasi ishtirokida ijtimoiy soha obyektlarida muqobil energiya manbalarini joriy etish boshlanadi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniyaning O‘zbekistondagi ijrochi direktori Jemis Xiani qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatimizdagi ijtimoiy soha ob‘ektlariga muqobil energiya manbalarini joriy etish loyihasining amaliy bosqichiga o‘tish masalasi muhokama qilindi. May oyi yakuniga qadar tanlab olingan dastlabki ob‘ektlarda namunaviy tarzda loyiha ishlari amalga oshirilishi ma‘lum qilindi.
Ikki tomonlama manfaatli loyihaning iqtisodiy ahamiyati yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv davomida “Watchman Group Pte., Ltd” kompaniyasi ishtirokida Farg‘onada istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, investorlarni keng jalb etish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Bildirilgan takliflar doirasida hamkorlik chora-tadbirlari kelishib olindi.