Farg‘ona viloyati Vision Invest bilan birgalikda 300 million dollarlik kasalxona quradi
Farg‘ona viloyati Vision Invest bilan birgalikda 300 million dollarlik kasalxona quradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi katta vitse-prezidenti Yusif Al Zuxairni qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurish loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Muloqotda mazkur yirik tibbiyot loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar faol bosqichga o‘tgani, Farg‘ona viloyatida 800 o‘rinli, 10 qavatdan iborat zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxonani xalqaro standartlar asosida loyihalash, moliyalashtirish, qurish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash hamda uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatishni nazarda tutuvchi davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgani taʼkidlandi.
Viloyat hokimi mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgan qarorlari, xususan, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar doirasida amalga oshirilayotganini, tibbiyot sohasidagi birinchi yirik loyihani amalga oshirishga kirishilayotganini qayd etdi.
Yangi tibbiyot majmuasi nafaqat Farg‘ona viloyati, balki butun vodiy hududlari hamda qo‘shni respublikalar aholisi uchun yuqori malakali va zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini yana-da kengaytirishiga, bu esa viloyatda tibbiyotni yangi bosqichga olib chiqishi bildirildi.
Uchrashuvda Yusif Al Zuxair Farg‘ona viloyatida tibbiyot sohasi uchun zarur infratuzilma va mustahkam baza shakllanganini taʼkidlab, bu omil loyihani samarali va tezkor amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Loyihaning umumiy investitsiya qiymati qariyb 300 million dollarni tashkil etadi. Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan mazkur mega-loyiha Markaziy Osiyoda DXSH modelida barpo etilayotgan eng yirik sog‘liqni saqlash obyektlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Muloqot davomida mazkur kompaniya tomonidan Farg‘ona viloyatida mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tashabbuslar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi investorlar tomonidan boshlanayotgan barcha loyihalar to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini taʼkidladi. Shuningdek, masʼullar biriktirilib, loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun barcha zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi maʼlum qilindi.