Farg‘ona viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda parlament nazorati doirasida Senat ishchi guruhi tomonidan viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, 2024-yilda viloyat iqtisodiyoti 6,7 foizga o‘sib, 91,3 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratilgan, shuningdek, sanoat 7,6 foizga, qurilish 8,5 foizga, xizmatlar 12,3 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,7 foizga oshgan.
Investitsiya dasturlari doirasida 1,8 mlrd dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 1,4 barobarga o‘sib, 1 mlrd dollardan oshgan. Viloyatda 1 mlrd dollarlik 1,2 mingta loyiha ishga tushirilib, 34 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 1,4 trln so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini endi boshlagan 14,2 ming kishiga 206,9 mlrd so‘m miqdorida mikroqarzlar berilgan.
Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari boshlangani, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga 397 ta mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan, 180,3 ming aholi rasmiy band bo‘lgan.
Xususiy taʼlimga keng imkoniyatlar yaratilgani tufayli o‘tgan yilda xususiy maktablar soni 100 taga, nodavlat bog‘chalari 3,3 mingtaga yetgan, bog‘cha qamrovi 2017-yildagi 37 foizdan 87 foizga oshgan.
Ipoteka dasturi doirasida 8 mingga yaqin xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilgan. 5,2 mingta oilaga 1,4 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ular bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizoarini qoplash uchun 147,3 mlrd so‘mlik subsidiyalar ajratilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar viloyatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham eʼtibor qaratdi va masʼul rahbarlarning axborotlarini eshitdi.
Jumladan, yirik sanoat korxonalarning 22 tasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2023 yilga nisbatan kamaygan. Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmida o‘sish surʼatlari taʼminlanmagan.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalari yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida kichik biznesning ulushi Qo‘shtepa va Farg‘ona tumanlarida 30 foizni ham tashkil qilmagan.
Bag‘dod tumanida qishloq xo‘jaligida o‘sish surʼati 2023-yilga nisbatan 1 foizni ham tashkil qilmagan. Xususan, kartoshka, poliz mahsulotlari, meva va rezavorlar yetishtirish kamaygan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida muammoli kreditlar qoldig‘i 2024-yil boshiga nisbatan 1,5 foizga oshgan.
Shuningdek, majlisda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ayrim rahbarlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan kambag‘al oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularning turmush sharoitini yaxshilash va bandligini taʼminlashga ko‘maklashish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi taʼkidlanib, bu borada masʼuliyatni tubdan oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy kelishuvlar bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari” ijrosini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga eʼtibor qaratish, viloyat hududlarida iqtisodiy o‘sish surʼatini taʼminlash, mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini taʼminlashda iqtisodiy kompleks rahbarlarining masʼuliyatini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini mahalliy Kengash sessiyalarida eshitish zarurligi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.