FAO bug'doy zangiga qarshi kurashni kuchaytirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — FAO bug'doyning zang kasalligi oldini olish va nazorat qilish bo'yicha ishonchli, dalillarga asoslangan Milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish bo'yicha seminar-trening o'tkazdi.
Seminar bug‘doy zang kasalliklarini yanada samarali boshqarish bo‘yicha milliy salohiyatni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida o‘simliklarni himoya qilish, naslchilik, urug‘chilik bilan shug‘ullanuvchi hukumat vakillari, tadqiqotchilar va qishloq xo‘jaligi sohasidagi asosiy manfaatdor tomonlar birlashtirdi.
Bug'doy zang kasalligi O'rta Osiyo va Kavkazda bug'doy ekinlari uchun jiddiy transchegaraviy tahdid hisoblanadi. Havo-tashuvchi tabiati tufayli bu patogenlar osongina chegaralar orqali tarqalib, mintaqada oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo'jaligi barqarorligiga tahdid soladi. Bu muammoni hal qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bug‘doy zangiga qarshi kurashda mintaqaviy kuchlarni birlashtirish maqsadida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyada “CAC-Rust” loyihasini (CP/SEC/016/TUR) amalga oshirmoqda.
FAO-Turkiya hamkorlik dasturi ko‘magida CAC-Rust loyihasi bug‘doy zang kasalligining oldini olish va boshqarish samaradorligini oshirish uchun milliy salohiyatni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. FAO va uning loyiha hamkorlari monitoring, o‘qitish, zangga chidamli navlarni ko‘paytirish va muvofiq dasturni ishlab chiqish orqali bug‘doy yetishtirish tizimini yanada mustahkam va barqaror yaratish ustida ish olib bormoqda.
Loyiha faoliyati doirasida FAO O‘zbekistonning Toshkent shahrida bug‘doy zang kasalligining oldini olish va unga qarshi kurashga milliy tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadida seminar tashkil qildi. Unda turli manfaatdor tomonlar, jumladan, o‘simliklarni himoya qilish, naslchilik, urug‘chilik va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi milliy tuzilmalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, tadbir davomida zang kasalliklarining oldini olish va nazorat qilish bo'yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini tayyorlash uchun muhim ma'lumotlar taqdim etildi. Qolaversa, seminarda bug‘doy zangiga qarshi kurash bo‘yicha milliy tadqiqotchilar va xalqaro ilmiy hamjamiyat o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yilib, bug‘doyning zangga chidamli navlarini yetishtirishda hamkorlik qilish imkoniyatlari belgilandi.
Seminarni FAO vakolatxonasining O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Don va dukkakli ekinlar bo‘limi boshlig‘i Abdulla Mansurov, O’simliklar genetic resurslari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Zafarjon Ziyaevning chiqishlari bilan boshlandi. Ularning barchasida bug‘doy zang kasalliklari butun O‘rta Osiyo va Kavkaz mintaqasi kabi mamlakat uchun xavf tug‘dirayotgani alohida ta’kidlandi.
Turkiyada bugʻdoy zangiga qarshi tadqiqotlar va fitosanitariya tizimi ishlari haqida tegishli ravishda Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Suat Kaymak va qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat nazorati bosh boshqarmasi muhandisi Mehmet Demir tomonidan batafsil maʼlumot berildi. Loyihaning texnik rahbari Fazil Dushuncheli tomonidan so‘nggi faoliyat va erishilgan yutuqlar haqidagi taqdimotdan so‘ng milliy ekspertlar tomonidan tadqiqot, monitoring, navlarni ro‘yxatga olish va urug‘chilik kabi bir qator muhim mavzular bo‘yicha keyingi taqdimot va muzokaralar o‘tkazildi.
Seminarda bug‘doyning zang kasalliklariga chidamli navlarini yaratishda seleksiya usullari bo‘yicha ham o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Shu maqsadda loyihaning regional maslahatchisi Mahbubjon Rahmatov va Turkiya Xalqaro makkajoʻxori va bugʻdoyni takomillashtirish markazi (CIMMADYT) vakili Emrah Koch Turkiya Qishloq xoʻjaligi vazirligi, CIMMADYT hamda ICARDA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kuzgi bugʻdoyni takomillashtirish dasturi doirasida qoʻllaniladigan naslchilik usullari haqida taqdimot qildilar.
Hukumat vakillari, tadqiqotchilar va qishloq xo‘jaligining asosiy manfaatdor tomonlarini birlashtirgan seminar O‘zbekistonda bug‘doy zangining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha mustahkam, dalillarga asoslangan Milliy strategiya va Harakatlar rejasini ishlab chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
FAO-Turkiya hamkorlik dasturi haqida
Dasturning maqsadlari Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloqlarda kambag’allikni kamaytirish, oʻrmonlarni barqaror boshqarish, choʻllanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni saqlab qolishdan iborat.
2007-yilda tashkil etilgan FAO-Turkiyaning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik dasturining (PPFT) birinchi bosqichi umumiy qiymati 10 million AQSh dollari miqdoridagi maqsadli jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi va Turkiya Respublikasi hukumati tomonidan moliyalashtirildi.
2014-yilda Turkiya va FAO FTPPning ikkinchi bosqichini (birinchisi bilan parallel ravishda) – FAO-Turkiya o‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik dasturini (FTFP) 20 million AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha hissa bilan boshladi. Natijada Turkiyaning umumiy hissasi 30 million AQSh dollarini tashkil etdi.